Qaramog’da bo’lish

Qaramog’da bo’lish — fuqaroni asosiy yashash manbai hisoblangan mablag’ bilan ta’minlanishi. Qaramog’da bo’lish pensiya ta’minotida, boquvchining o’limi tufayli yetkazilgan zararning o’rnini to’ldirishda, ayrim nafaqalar va kompensatsiyalarni (masalan, xodim bir joydan boshqa ish joyiga o’tganda) to’lashda, xodimlar soni yoki shtat qisqartirilganda ishda qoldirilishda ustunlik berilishida, meros olish va boshqalar ayrim hollarda ahamiyatga ega. O’zbekiston Respublikasining «fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi qonuni (1993 yil 3 sentyabr)ga muvofiq, vafot etgan xodimning boquvida bo’lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo’qotganlik pensiyasini olish huquqiga egadirlar. Qonun bo’yicha quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz a’zolari hisoblanadi: a) bolalar, akaukalar, opa- singillar va nabiralar 16 yoshga to’lmagan bo’lsa yoki 16 yoshdan katta bo’lsa ham 16 yoshga to’lmasdan nogiron bo’lib qolgan holda (bunda akaukalar, opa-singillar va nabiralarni mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo’lmasa); b) ota-ona, o’gay ona, o’gay ota, xotin, er — basharti ular pensiya yoshiga to’lgan yoki nogiron bo’lsalar; v) yoshidan va mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, ota-onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, akauka yoki opa-singil — agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan ta’tilda bo’lish huquqini beradigan yoshga to’lgunga qadar boqish bilan mashg’ul bo’lsa va ishlamasa; g) buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart bo’lgan kishilar bo’lmasa. Boquvchi bilan birga yashash Qaramog’da bo’lishni e’tirof etishning sharti hisoblanmaydi. Qonunga ko’ra, marhumning to’liq boquvida bo’lgan yoki undan yordam olib turgan oila a’zolari, bu yordam ular uchun doimiy va asosiy kun kechirish mablag’ining manbai hisoblangan bo’lsa, marhumning qaramog’ida turgan deb hisoblanadilar. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog’liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to’lash qoidalarini tasdiqlash to’g’risida»gi qarori (2005 yil 11 Fevral)da boquvchining vafoti sababli zararni to’lash tartibi ko’rsatib o’tilgan. Unga ko’ra, xodim mehnat jarohatiga bog’liq holda vafot etgan taqdirda, ish beruvchi marhumning qaramog’ida bo’lgan mehnatga layoqatsiz, shuningdek, 16 yoshga to’lmagan shaxslarga yoki marhum vafot yetgan kungacha undan nafaqa olish huquqiga ega bo’lgan shaxslarga, marhumning vafotidan so’ng tug’ilgan farzandiga, shuningdek, ota-onalaridan biriga, umr yo’ldoshiga yoki oilasining ishlamaydigan va vafot etganning 3 yoshga to’lmagan bolalari, ukalari, singillari yoki nabiralari parvarishi bilan band bo’lgan boshqa a’zosiga zararni to’lashi shart. Anvar Inoyatov.