Qarag’anda viloyati

Qarag’anda viloyati — Qozog’iston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1932 yil 10 martda tashkil etilgan. Maydoni 117,9 ming km2. Aholisi 1350 ming kishi (2002), asosan, qozoqlar, shuningdek, rus, ukrain, tatar, belorus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 85%. Viloyat 9 ma’muriy tumanga bo’lingan, 6 shahar va 15 shaharcha bor. Markazi — Qarag’anda shahri viloyat respublikaning Markaziy qismida, Balxash ko’lining shimoliy g’arbida joylashgan. Katta qismini Qozog’iston past tog’lari (balandligi 300-1000 metr) egallagan. Past tog’lar Janubda Betpaqdala cho’liga (balandligi 300-400 metr), g’arbda esa Turon tekisligiga qo’shilib ketgan. Iqlimi keskin kontinental va juda quruq. Iyulning o’rtacha temperaturasi shimolda 20,1° va Janubda 25,1°, yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda -16,7°, Janubda -13°. Yillik yog’in shimolda 100-280 mm. Vegetatsiya davri 160 — 200 kun. Yirik daryolari — Sarisuv va Nura. Sho’r ko’l ko’p. Yer osti chuchuk suvlaridan keng foydalaniladi. Viloyatning shimoliy qismi kashtan tuproqli bo’lib, boshoqli o’tlar — shuvoq cho’llari bilan band. Janubiy roqda sho’rlangan och kashtan va qo’ng’ir tuproqlarda siyrak chala cho’l va cho’l shuvoqsho’ra o’simliklari o’sadi; qumli joylarda boshoqli o’tlardan shuvoq, shuningdek buta o’simliklari, cho’l o’simliklari bilan birga qarag’ay, qayin, tog’terak, tol o’sadi. Chala cho’l va cho’llarda kemiruvchilar va yirtqichlar, sayg’oq, arxar, jayran, elik yashaydi, tuvaloq va boshqalar qushlar uchraydi. Daryo va ko’l qirg’oqlarida suv parran- dalari, qamishzorlarda qobon, ondatra yashaydi. Balxash ko’lida baliq ko’p. Qarag’anda viloyati xo’jaligida, asosan, mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash, shuningdek, g’allachilik va yaylov chorvachiligi rivojlangan. Asosiy sanoat tarmoqlari: ko’mir va rangli metallurgiya (mis, molibden rudasini qazib olish). Shuningdek, temir va marganes rudalarini qazib olish rivojlangan. Qora metallurgiya mahalliy ruda asosida ishlaydi. Og’ir mashinasozlik (jumladan, ko’mir sanoati uchun mashinalar), qurilish materiallari (tsement, g’isht, ohaktosh) ishlab chiqarish, kimyo, yengil (tikuvchilik, trikotaj, poyabzal) va oziq-ovqat (go’sht, moysir va sut, un, konditer mahsulotlari va boshqalar) sanoat tarmoqlari rivojlangan. Qarag’anda metallurgiya kombinati, konshaxta jihozlari, mashinasozlik, sintetik kauchuk, metall konstruktsiyalari zavodlari, Saran, Abay, Shaxtinsk, Jezqazg’an konmetallurgiya ktlari, mis eritish va ta’mirlash-mexanika zavodlari, Balxashda toshko’mir sanoati korxonalari, issiqlik elektr markazi bor. Oqtovda tsement zavodi, Aqchatov, Oqjal, Qayraqti, Qarag’aylida polimetall rudalarini boyitish kombinatlari va konlari mavjud. Dashtning shimolda lalmikor g’allachilik bilan birga qoramolchilik, cho’chqachilik, parrandachilik va mayin junli qo’ychilik, chala cho’l va cho’llarda yaylov chorvachiligi bilan birga sug’orib dehqonchilik (sabzavot, poliz) qilinadi. Ekin maydonlariga g’alla (bahori bug’doy), arpa, ozuqa ekinlari ekiladi. Jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, yilqi, cho’chqa, parranda boqiladi. Balxash ko’lidan baliq ovlanadi; cho’l va tog’larda ovchilik qilinadi. Temir yo’l uzunligi 581 kilometr. Qattiq qoplamali avtomobil yo’llar uzunligi 2100 kilometr. Balxash ko’lida muntazam kema qatnaydi. 5 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet, politexnika, tibbiyot, kooperativ, jismoniy tarbiya institutlari) bor. 3 teatr, tasviriy san’at va o’lkashunoslik muzeylari, Botanika bog’i faoliyat ko’rsatadi.