Qarag’anda

Qarag’anda — Qozog’iston Respublikasi Qarag’anda viloyatidagi shahar (1934 yildan), viloyat markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 424,2 ming kishi (2002). Shahar Qarag’anda ko’mir havzasining markazida shaxtyorlar shaharchasi sifatida vujudga kelgan. 1936 yildan Qarag’anda viloyati markazi. Sanoatining asosiy tarmog’i — ko’mir qazib olish. Mashinasozlik zavodlari ishlab turibdi, konshaxta jihozlari va metall konstruktsiyalar ishlab chiqariladi. Yengil, oziq-ovqat sanoati tarmoqlari, qurilish materiallari korxonalari, issiqlik elektr markazi faoliyat ko’rsatadi. Qarag’anda bir necha massivlardan iborat, bular: Eskishahar (19-asrning 2-yarmi), Yangishahar, Moyquduq, Katta Mixaylovka, Fyodorovka va boshqalar). Hozirgi Qarag’andaning markazi — Yangishahar. Qozog’iston Fanlar Akademiyasining bo’limi, 5 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet), 3 teatr, tasviriy san’at va o’lkashunoslik muzeylari, botanika bog’i bor.