Qarta

Qarta — otning yog’li yo’g’on ichagi va undan maxsus tayyorlanadigan yaxna taom. Ot go’shtining qarta qismi yaxshilab ishqab yuviladi. Shilliq pardasi tozalanib hidini ketkazish uchun qatiqqa yoki zardobga bir kun botirib qo’yiladi. Yuvib tozalangan Qartani, katta-katta bo’laklarga bo’lib, tuz, murch, zira va uzum sirkasi sepib, 10 soatgacha salqin yerga olib qo’yiladi. Tayyor masalliq qaynab turgan suvga solinib pishiriladi. Sho’rvasiga piyoz, sabzi, dafna yaprog’i, tuyilmagan murch kabi ziravorlar qo’shib, 2 soat sust olovda mildiratib qaynatiladi. Pishgan Qarta sovitilib, salatlar bilan birga dasturxonga tortiladi. Ba’zan Qartaning ichi ag’darilib, tozalab yuviladi, ochilgan Qarta yuzasiga tasmasimon kesilgan son go’shti, to’sh yog’i qo’yilib, ruletga o’xshab o’raladi va chetlari hamda o’rtasi qalin ip bilan bog’lanib, qozondagi sovuq suvga solib, 2-2,5 soat mildiratib qaynatiladi. Sovitib, yaproqlab kesib iste’mol qilinadi.