Qashqadaryo viloyat o’lkashunoslik muzeyi

Qashqadaryo viloyat o’lkashunoslik muzeyi — madaniy-ma’rifiy muassasa. 1975 yilda Qarshi shahrida tashkil etilgan. Muzeyda tarix, xalq amaliy san’ati, tabiat, xotira va qadriyat bo’limlari bor. Muzey fondida 20 mingdan ziyod numizmatika, arxeologiya, tasviriy va amaliy san’at asarlari, tarixiy hujjatlar, Nodir qo’lyozmalar, kitoblar, maishiy va etnografiyaga oid eksponatlar mavjud (2005). Muzey ilmiy tekshirish ishlari olib boradi, fondini boyitadi, kitob, kataloglar nashr etadi; jumladan, Rimda frantsuz tilida chop etilgan «Qarshi o’lkashunoslik muzeyidagi Sharq qo’lyozmalari katalogi» (2004, 50 dan ortiq qo’lyozmalar haqida ma’lumotlar bor) va boshqalar Mustaqillik yillaridan Qashqadaryo iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayoti sohasida qo’lga kiritilgan yutuqlar, fan taraqqiyotini namoyon etuvchi eksponatlar bilan boyitilmoqda. Muzey noyob kartinalar to’plami hamda Nodir qo’lyozma kitoblarga ega. Masalan, Nodir qo’lyozmalar orasida taftazoniyning «Taxziyb almantiq valkalom» asariga, Nasafiyning «Aqoid anNasafiy» asariga yozilgan sharhlar va boshqalar.