Qatar, Qatar davlati

Qatar, Qatar davlati (davlatu Qatar) — Janubiy G’arbiy Osiyodagi davlat. Qatar yarim orolida joylashgan. Maydoni 11,4 ming km2. Aholisi 793,3 ming kishi (2002). Poytaxti — Do’ha shahri Davlat tuzumi. Qatar — mutlaq monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 2003 yil apreldagi referendumda ma’qullangan va 2005 yildan kuchga kirgan. Davlat boshlig’i — Amir (1995 yildan Shayx Hamad bin Xalifa ol Soniy); u qurolli kuchlar bosh qo’mondoni hamdir. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Sohil qismi past, marjon riflari bilan o’ralgan. Yer yuzasi cho’l landshaftli tekislikdan iborat (eng baland joyi 56 metr), voha kam, ayrim joylari botqoqlashgan tekislik. Neft va tabiiy gaz konlari bor. Iqlimi tropik, quruq iqlim. Yanv. ning o’rtacha temperaturasi 16°, iyulniki 32°, eng yuqori temperatura 45″. Yillik yog’in 125 mm chamasida. Qatarda muntazam oqib turadigan daryolar yo’q. Cho’l o’simliklari o’sadi. Aholisi, asosan, mahaliy arablar; qolganlari boshqa Arab mamlakatlari, Eron, Pokiston, Hindiston hamda Afrikadan kelganlar. Rasmiy til — Arab tili. Davlat dini Islom. Shahar aholisi 91%. Asosiy shaharlari: Do’ha, Ummsaid, Do’han. Tarixi. Qatar yarim orolida aholi miloddan avvalgi 3-2-ming yillikdan yashab kelgan. Qatarni bir necha marta Sosoniylar egallagan. 7-10-asrlarda Arab xalifaligi tarkibida bo’lgan. 10-asrdan qarmatlar davlatiga kirdi. 13-14-asrlarda Bahrayn amirligi hukmronligi ostida bo’ldi. 16-asr boshlarida portugallar, keyinroq Usmonli turklar bosib oldi. 18-asrning 2-yarmida Qatar hududida Soniy sulolasi boshchiligidagi kichik sultonlik tashkil etildi. Bu sulola 19-asrning oxirida Qatarni birlashtirdi. 1871 — 1914 yillarda Qatar yana Usmonli turk imperiyasi hukmronligi ostida bo’ldi. 1916-71 yillarda Buyuk Britaniya protektorati. 1971 yil 1 sentyabrda mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Qatar — 1971 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 3 sentyabr — Mustaqillik kuni (1971). O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 30 dekabrda tan olgan va 1997 yil 27 noyabrdan diplomatiya munosabatlarini o’rnatgan. Qatarda siyosiy partiya va kasaba uyushmalari yo’q. Xo’jaligi. Qatar iqtisodiyotining asosi — neft qazib chiqarish va uni qayta ishlash; asosiy neft konlari Do’han rayonida joylashgan. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi 1%, sanoatniki 49%, xizmat ko’rsatish tarmog’iniki 50% ni tashkil etadi. Sanoatida neftdan tashqari, tabiiy gaz ham qazib chiqariladi. Shuningdek, o’g’it, neft kimyosi sanoati mahsulotlari, tsement ishlab chiqariladi, gaz suyultiriladi. UmmSaid shahrida metallurgiya zavodi ishlaydi. Avtomobillarni ta’mirlash ustaxonalari, alkogolsiz ichimliklar zavodlari bor. Yiliga o’rtacha 5,9 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Qishloq xo’jaligi sust rivojlangan. U ichki ehtiyojning 10% ni qondiradi. Vohalarda xurmo (finik palmasi) o’stiriladi; bug’doy, makkajo’xori, tariq, jo’xori, sabzavotlar ekiladi, bog’dorchilik bilan shug’ullaniladi. Ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi chorvachilik (qo’y, echki, tuya boqiladi) mavjud. Sohilga yaqin suvlardan baliq, krevetka ovlanadi, marvarid olinadi. Qatarda temir yo’l yo’q. Avtomobil yo’llari uzunligi 1,2 ming kilometr (90% qattiq qoplamali). Gaz va neft quvurlari uzunligi 550 kilometrdan ziyod. Dengiz savdo flotining tonnaji — 636 ming tonna dedveyt. Dengiz portlari: Do’ha va UmmSaid. Qatar chetga neft va neft mahsulotlari, o’g’it, tsement, suyultirilgan gaz, dengiz mahsulotlari chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat, sanoat jihozlari, keng iste’mol mollari oladi. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, BAA, Germaniya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Qatar riali. Tibbiy xizmati, maorifi va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Aholi uchun tibbiy xizmat bepul. Vrachlar chet elda tayyorlanadi. O’rta maktablarda o’qish bepul. O’rta umumiy ta’lim va hunartexnika o’quv yurtlari, universitet bor. Milliy muzey, Akvarium, etnografiya muzeyi, milliy kutubxona faoliyat yuritadi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Qatarda bir qancha gaz. va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: «alarab» («Arabcha», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1957 yildan), «Asuak alxolij» («Ko’rfaz bozorlari», Arab tilidagi oylik jurnal, 1980 yildan), «alvatan» («vatan», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1995 yildan), «Galf Tayms» («Ko’rfaz vaqti», ingliz tilidagi kundalik va haftalik gazeta, 1978 yildan), «arrayya» («bayroq», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1978 yildan), «ashsharq» («Sharq», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1985 yildan). Qatar axborot agentligi hukumat agentligi bo’lib, 1975 yil tuzilgan. «Katar brodkasting servis» hukumat xizmati 1968 yil, «Katar Televiji servis» teleko’rsatuv xizmati 1970 yil tashkil etilgan. Qatarda «Aljazira» mustaqil Arab yo’ldosh telekanali (1996 yil asos solingan) qarorgohi joylashgan.