Qarshi cho’li, Qarshi dashti

Qarshi cho’li, Qarshi dashti — O’rta Osiyoning Janubdagi tekislik. Qashqadaryo viloyatining g’arbiy va Turkmanistonning Sharqiy qismida joylashgan. Maydoni 13 ming km2. Sharqda Hisor va Zarafshon tog’larining tog’oldi o’ydimchuqur qiya tekisliklari, shimolda Qarnob cho’li, G’arb va Janubi g’arbda Devxona platosi, Janub va Janubi Sharqda Amudaryo va Qashqadaryo havzalarini ajratuvchi tepaliklar bilan chegaralangan. Qarshi cho’lining asosiy qismini Qashqadaryoning deltasi egallagan. Qarnob cho’li bilan Qarshi cho’li o’rtasidagi tabiiy chegara Sho’rsoy botig’idan o’tadi. Qarshi cho’lining relefi, asosan, to’lqinsimon tekislikdan iborat. O’rtacha balandligi Sharqiy qismida 400-500 metr, g’arbida esa 200-260 metr. Qarshi cho’li zamini paleozoy davrida vujudga kelgan. Keyingi geologik davrlarda bir necha marta suv ostida qolgan. Paleogenning oxiri va neogenning boshlarida dengiz suvi chekinib quruqlikka aylangan. Yer yuzasining ustki qavati, asosan, Daryo va soylar oqizib keltirgan oqiziqlar — loyqalar, qumoq va qumloq yotqiziqlar qum bilan qoplangan. Qarshi cho’lida Qo’ng’irtov, Kosontog’, Maymanoqtov, Aloviddin, Do’ltalitov, Qoraqir, Saksondara kabi qirlar, Sho’rsoy, Chorag’il kabi botiqlar bor. Platosimon va oddiy qirlar (Saritosh — Jarqoq, Oqjar, Azkamar, Setalantepa, Buerman va boshqalar) mavjud. Cho’lning Janubiy g’arbiy va g’arbiy qismining katta maydonlari qum uyumlari va tepalari bilan band. Iqlimi keskin kontinental, qishi qisqa (yanvarning o’rtacha temperaturasi — 1,5°, eng past temperatura — 28°). Bahor erta keladi, lekin, juda tez issiq boshlanadi. Yozi uzoq davom etib, juda quruq va issiq bo’ladi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28,2°-31,6°. Eng yuqori temperatura 47°. Vegetatsiya davri 226-248 kun. Yog’in kam, hudud bo’yicha notekis taqsimlangan (g’arbida 146 mm, sharqida 230 mm gacha). Asosiy qismi qish va bahorda yog’adi. Qor qoplami har yili bir xil emas, ba’zi yillar 10-25 kun saqlanishi mumkin. Qor qalinligi 15-20 santimetr, ayrim yillari 30-40 santimetrga yetadi. Shamol va chang to’zonli bo’ronlar bo’lib turadi. Yozda quruq va issiq havo oqimlari («garmsel») ko’pincha changli bo’ronlar bilan birgalikda sodir bo’ladi. Cho’lda tabiiy suv manbalari kam (Qashqadaryoni hisobga olmaganda). O’zlashtirilgan yerlarni suv bilan ta’minlashni yaxshilash va yangi yerlarni xo’jalik muomalasiga kiritish maqsadida Qashqadaryo havzasida Chimqo’rg’on, Pachkamar va boshqalar kichikroq suv omborlari qurilgan. Chimqo’rg’on suv omborini suv bilan ta’minlashni yaxshilash uchun Zarafshon daryosidan boshlanuvchi va miloddan avvalgi 2-asr da qazilgan va mo’g’ullar tomonidan ko’milib tashlangan eski Anhor kanali 1953-55 yillarda tiklanib ishga tushirildi. 1972 yilda Qarshi magistral kanali va Tallimarjon suv ombori barpo etildi. Zich joylashgan kollektor — zovur tarmoqlari mavjud. Qarshi cho’li Buxoro — qarshi artezian havzasi tarkibiga kiradi. Havzada yer osti sho’r suv qatlamlari turli chuqurliklarda, to’rtlamchi, neogen, paleogen, bo’r, yura va paleozoy davrlari tog’jinslarida joylashgan. Ularning tarkibida xlorid-sulfat tuzlari mavjud. Paleozoy davri qatlamlaridagi suvlar yuqori bosimli. Qarshi cho’lining Sharqiy va shimoliy Sharqiy chala cho’l qismida och tusli bo’z, g’arbiy hududida sho’rlanish darajasi har xil bo’lgan taqirli, surqo’ng’ir, Sho’rasoy, Chorag’il botiqlarida va o’zansimon pastliklarda sho’rtob, sho’rxok, Daryo bo’ylarida va sug’oriladigan yerlarda o’tloqi tuproqlar tarqalgan. Cho’lning sug’oriladigan yerlarida sizot suvlar yer yuzasiga chiqib tuproqlarning sho’rlanishiga sabab bo’lmoqda. Shu sababli maxsus meliorativ choratadbirlar amalga oshirilmoqda. O’simliq turlari har xil. Cho’l mintaqasida shuvoq, singren, juzg’un, quyonsuyak, keyreuq, yantoq va yulg’un o’simliklari keng tarqalgan. Qumliklarda quyonsuyak, juzg’un, oq saksovul, selin; taqirli tuproqlarda yulg’un, qora saksovul bilan birga uchraydi. Bo’zqo’ng’ir tuproqlarda partesingren va turli efemerlar tarqalgan. Sho’rxoklarda, asosan, sarsazan, donasho’r, ajriq, sho’ralar o’sadi. Daryo o’zani yaqinidagi to’qay o’simliklari yulg’un, yantoq, ba’zan, qora saksovul, turli efemerlardan iborat. Qarshi cho’li tabiiy gaz va neft zaxiralariga boy. Mashhur Sho’rtan tabiiy gaz koni, shuningdek, Zevardi, Ko’kdumaloq va boshqalar yirik neft va gaz kondensat konlari bor. Yangi yerlarni o’zlashtirish, qo’plab neft va gaz konlarining ochilishi (muborak, Pomuq atroflarida) bilan Qarshi cho’lida sanoat rivojlandi. Cho’lda Tallimarjon, Muborak, Koson, Kasbi, Nishon kabi yirik ma’muriy va sanoat markazlari barpo etildi. Samarqand — qarshi temir yo’l (144 km), Buxoro — qarshi elektr liniyalari qurilib ishga tushirildi. Qarshi cho’lining eng yirik sanoat shahri Harshidsr. Ad.: Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A., O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002; Xodjibaev N.N., Mavlyanov E. V.,Altmev S. A., Injenernaya geologiya Karshinskoy stepi, T., 1976; Babushkin L. N., Kogay N. A., Fizikogeograficheskoe rayonirovanie Sredney Azii i Uzbekistana, TashGU, VMP. 231, T, 1964. Murod Mamatqulov.