Qatlam bosimi
Qatlam bosimi — neft uyumidagi suyuklik va gaz bosimi. Qatlam bosimi neftli, gazli va suvli qatlamlar energiyasini ifodalaydigan eng muhim belgi (parametr)dir; bu bosim qatlam qazilguncha ko’pgina gidrostatik bosim (qatlam balandligiga teng suv ustuni bosimi)ga taxm. teng bo’ladi. Qatlam bosimi me’yoriy va anomaliya holida bo’lishi mumkin. Me’yoriy Qatlam bosimi qatlamning joylashish chuqurligi bilan uzviy bog’liq bo’lib, bu bosim chuqurlikning har 10 metrida taxm. 0,1 Mn/m2 oshadi. Gidrostatik bosimdan sezilarli darajada farq qiladigan bosim anomaliyali bosim deyiladi. Neft va gaz konlarida Qatlam bosimi, asosan, gidrostatik, geostatik (tog’jinslarining ustki qatlamlari massasi ta’sirida), Geotexnik (tektonik jarayonlar ta’sirida) bosimlar, turli bosimli qatlamlar orasidagi yo’llar, suvlar va jinslarning kimyoviy ta’siri, shuningdek, g’ovak (o’tkazuvchan) qatlamlarning ikki- lamchi tsementlanishi oqibatida hosil bo’ladi va o’zgaradi. Burg’i quduqlari o’zlashtirilayotganda, ularning zaboylari (tubi) atrofida past bosim hosil bo’ladi. Qatlam qazilayotganda tegishli choralar ko’rilmasa Qatlam bosimi pasayadi. Qatlamning turli nuqtalaridagi Qatlam bosimini qiyoslash uchun muayyan bitta tekislikda deb tasavvur qilinadi. Bunday tekislik sifatida, odatda, shartli ravishda qatlamdagi suvneft kontaktining dastlabki holati olinadi. Kon qazish jarayonida qb.ning o’zgarishi doimiy qayd qilib boriladi. Bu esa, qatlamda sodir bo’layotgan o’zgarishlarni aniqlash va kondagi ishlarni nazorat qilib turishga imkon beradi. Burg’i quduqlaridagi Qatlam bosimi monometrlar yordamida o’lchanadi.