Qattiq jismlar fizikasi
Qattiq jismlar fizikasi — fizikaning qattiq jismlarning tuzilishi va asosiy xossalarini hamda ularda yuz beruvchi xodisalarni o’rganuvchi sohasi. Mustaqil soha sifatida 20-asr boshlarida shakllanib, kvant mexanika yaratilgandan so’ng tez rivojlana boshladi. Qattiq jismlar fizikasi kristallografiya, metallar fizikasi, yarimo’tkazgichlar fizikasi, mustahkamlik va plastiklik fizikasi, qattiq jismlar magnetizmi, o’ta o’tkazuvchanlik, radiasion fizika va boshqalar sohalarni, optika, akustika, past tralar fizikasi, tutash muhit mexanikasi, kinetik fizika, polimerlar fizikasi, tartibsiz va amorf muhitlar fizikasi va boshqalar sohalarning ayrim bo’limlarini birlashtiradi. Bu yo’nalishlarning nazariy asoslari qattiq jismlar nazariyasining tushunchalari va qonunlariga asoslanadi. Qattiq jismlar fizikasida fizik hodisalar (kristall panjaralarning tebranishi, fazaviy o’tishlar, elektromagnit to’lqinlar, xususan, yorug’likning nurlanishi hamda yutilishi va boshqalar) ni eksperimental va nazariy o’rganishga katta ahamiyat beriladi. Kristallarda nuqsonlarning hosil bo’lishi, ularning qattiq jismning fizik xossalariga ta’siri mexanizmlarini o’rganish muhim ahamiyatga ega. Qattiq jismlar fizikasida ikki asosiy usul: fenomenologik va mikroekopik usul qo’llanadi. Fenomenologik usulda qattiq jism simmetriyaning ma’lum qonunlarini qanotlantiruvchi uzluksiz yaxlit muhit deb qaraladi. Bu usul ko’p sonli eksperimental faktlarni tushuntirish imkonini beradi, biroq qattiq jismlarda kuzatiladigan hodisalarning mohiyatini ochib bermaydi. Mikroskopik usulda har qanday qattiq jismga ma’lum qonunlar bo’yicha o’zaro ta’sirlashuvchi zarralar sifatida qaraladi. Bu usulda qattiq jismlarning xossalari va ularda yuz beradigan hodisalar kvant mexanika, statistik fizika, kvant elektrodinamika qonunlari asosida tushuntiriladi. Qattiq jismlar fizikasida mutlaq qattiq jism, elementar g’alayonlanish yoki kvazizarralar kabi taqribiy model va kontsepsiyalardan foydalaniladi. Eksperimental Qattiq jismlar fizikasida tadqiqotlar radioaktivatsion analiz, rentgenostruktura analizi, radiospektrokopiya, optik spektroskopiya va boshqalar ko’pgina usullar bilan olib boriladi. Qattiq jismlar fizikasining muhim vazifalaridan biri — berilgan xususiyatli yangi materiallar (o’ta qattiq va o’ta toza moddalar; yuqori temperaturali o’ta o’tkazgich moddalar) yaratish va ularni hosil qilish yo’llarini asoslab berish. Abduraim Uzoqov.