Qattiqlik

Qattiqlik — 1) metallurgiyada — biror jism (masalan, metall)ning qattiq jismning botishiga ko’rsatadigan qarshiligi; jismning mustahkamlik va plastiklik xossalariga hamda o’lchash usuliga bog’liq murakkab xossa. Ko’pincha, Qattiqlikni o’lchash uchun botirish usulidan foydalaniladi. Bunda Qattiqlikning qiymati botirish kuchining botirilgan jism sinalayotgan namuna sirtida qoldirgan iziga nisbati bilan ifodalanadi. Jismlarning Qattiqlikligi, odatda, Brinell usuli (toblangan po’lat sharcha botirish yo’li bilan), Rokvell usuli (toblangan sharcha yoki olmos konus botirish yo’li bilan) va Vikkers usuli (olmos piramida botirish yo’li bilan)da aniqlanadi. Qattiqlikni aniqlashning shor usuli ham bor (po’lat sharchaning sinalayotgan namunaga urilishidan keyin qaytish balandligini o’lchashga asoslangan). Qattiqlik ultratovush tebranishlar yordamida ham aniqlanadi. Qattiqlik Brinell usulida NV, Rokvell usulida NK, Vikkers usulida esa nu bilan ifodalanadi. Qattiqlikni aniqlash usuli sinalayotgan materialning Qattiqlikligi, uning o’lchami va shakliga qarab tanlanadi; 2) materialshunoslikda — bino, inshoot va mashinalar konstruktsiyalarining deformatsiya (egilish, cho’zilish, buralish va boshqalar) ga qarshilik ko’rsatish xususiyati. Konstruktsiyaning geometrik kesimiga va materialning fizik xossalariga bog’liq bo’ladi. Bino, inshoot va mashinalar tayyorlashda Qattiqlik hisobga olinadi.