Qayir

Qayir — Daryo toshgan paytda vodiy tubining suv bosadigan qismi; zamini o’zan allyuviylaridan, usti esa suv toshqini paytida oqizib keltiriladigan cho’kindi jinslardan iborat. Ba’zan qadimiy allyuvial jinslardan tashkil topgan eng pastki, ona jins qatlamlari ham ochilib qoladi. Qayirning o’zanga yaqin qismlarida yirik donali allyuviylar to’planib, jo’yaklar va marzalar hosil qiladi (o’zanbo’yi Qayir). Qayir o’rtasiga tomon tobora mayda oqiziqlar cho’kadi (markaziy Qayir). Baland qirg’oqlarga yaqin joyga faqat loyqa zarrachalargina yetib boradi, bu yerda Qayir ancha past va botqoqlashgan bo’ladi (terrasa bo’yi Qayir). Qayir yuzasida halqoblar, daryoning eski o’zani, tarmoqlarining izi uchraydi. Qayir daryo o’zanining yon taraflarga o’zgarishi natijasida yuzaga keladi. Suv sarfi bir me’yorda bo’lmagan tekislik daryolarining qlari keng (20-40 kilometr) bo’ladi. Tektonik bukilmalarda oqadigan Daryo Qayirlarining kengligi bukilmaning katta-kichikligiga bog’liq. Qayir relefining shakllanishiga o’simliklar ham ta’sir ko’rsatadi. Qayir o’tloqlari eng yaxshi yem-xashak manbai hisoblanadi. Tuproqlari juda unumdor bo’ladi. Suv bosgan davrda Qayirda baliqlar uvuldiriq tashlaydi, shu sababli Qayir baliqchilik xo’jaligida muhim ahamiyatga ega. Kichikroq tog’ daryo Qayirlarning allyuviy yotqiziqlarida foydali qazilmalarning sochma konlari (oltin, platina, kasseterit va boshqalar) uchraydi. Qum va shag’al qurilish xom ashyossi sifatida ishlatiladi.