Qayroqqum madaniyati
Qayroqqum madaniyati — jez davri arxeologik madaniyati (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi — miloddan avvalgi 6-3-asrlar). Farg’ona va Zarafshon vodiylari hamda Toshkent vohasida tarqalgan. Xo’jand (Tojikiston) yaqinidagi Qayroqqum mavzei nomidan olingan. Bo’lajak Qayroqqum suv ombori o’rnida A.P. Okladnikov, B.A. Litvinskiy, V.A.Ranovlar tomonidan Qayroqqum madaniyatiga oid manzilgohlar topilgan (1954). Qayroqqum madaniyati yodgorliklari Andronovo madaniyati va Tozabog’yop madaniyati yodgorliklari bilan o’xshash bo’lib, shu bilan birga Farg’onadagi Chust madaniyati va Janubdagi dehqonchilik madaniyatlari bilan mustahkam aloqada bo’lgan. Qayroqqumdan turar joy qoldiqchari, tosh o’choklar, jez va misdan yasalgan ro’zg’or buyumlari va jangovar qurollar, sopol idishlar, bolta, pichoq, tesha, o’qyoylar, paykonlar, qarmoqlar ko’plab topilgan. Aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan. Konchilik va metall eritish rivojlangan. Sopol idishlar qo’lda yasalib, dag’al ishlov berilgan.