Qayumov Azizxon Po’latovich

Qayumov Azizxon Po’latovich (1926.19.16, Qo’qon) — adabiyotshunos, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1995). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1983), Filologiya fanlari Doktori (1961). P. Qayyumovning o’g’li. O’rta Osiyo davlat universitetining Sharq fakultetini tugatgan (1949). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim (1949-57), O’zSSR Ministrlar Sovetida fan va oliy o’quv yurtlari bo’yicha katta referent (1957— 58), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot instituti direktori (1958-61). O’zbekiston KP MK fan, oliy o’quv yurtlari va maktablar bo’limi, so’ng fan va madaniyat bo’limi mudiri (1961-63). O’zbekiston Madaniyat vaziri, vazirning birinchi o’rinbosari (1963-64), O’zSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Kinematografiya davlat komiteti raisi (1964-74), Toshkent madaniyat instituti rektori (1974-79), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi qo’lyozmalar instituti direktori (1979— 98), Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida etakchi ilmiy xodim (1998 yildan). Asosiy ilmiy ishlari Qo’qon adabiy muhiti mavzuida. «Maxmur» (1956), «Hoziq» (1957), «G’oziy» (1959), «Saddi Iskandariy» (1975), «Alisher Navoiy» (1976, 1991), «hayrat ulabror» (1977), «Farhod va Shirin» sirlari» (1979), «Nodir sahifalar» (1991), «bu ohang ila bo’lg’aysen Naqshband» (1993) kabi asarlari Apisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini o’rganishda muhim hissa bo’lgan. Qayumov matnshunoslik sohasida ham samarali ish olib borib, bir qancha o’zbek mumtoz shoirlarining asarlarini nashrga tayyorlagan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1980). «Shuhrat» medali (1996), «El-yurt hurmati» ordeni (2003) bilan taqdirlangan. As: nazm va tafakkur quyoshi, T., 1992; She’riyat jilolari, T., 1996; Jemchujina mudrosti i tayni Semi Morey (B. Hasanov bilan hamkorlikda), T., 2000; Akademik G’afur G’ulom, T., 2002; akademik Vohid Zohidov, T., 2004; akademik Oybek, T., 2005.