Qattiq eritmalar

Qattiq eritmalar — 2 yoki undan ortiq komponentdan tashkil topgan o’zgaruvchan tarkibli, 1 jinsli kristall yoki amorf moddalar. Komponentlar orasidagi miqdoriy nisbat o’zgarganida ham Qattiq eritmalarning 1 jinsliligi saqlanib qoladi. Qattiq eritmalar hosil qilish xususiyati ko’pchilik qattiq moddalarga mansubligi uchun ko’pgina tabiiy va sun’iy moddalar Qattiq eritmalar holida mavjud. Gidridlar vodorod bilan, karbidlar uglerod bilan, nitridlar azot bilan, oksidlar kislorod bilan Qattiq eritmalar hosil qiladi. Metallar orasida hosil bo’ladigan Qattiq eritmalar, ayniqsa, katta ahamiyatga ega, chunki bunda ularning plastikligi deyarli kam o’zgarib, qattiqligi, mustahkamligi va elektrga qarshiligi ortadi. Barcha Qattiq eritmalar 3 guruhga bo’linadi: singish bilan hosil bo’ladigan Qattiq eritmalar; o’rin olish bilan yuzaga keladigan Qattiq eritmalar; defekt tuzilishga ega ayrilish Qattiq eritmalar. Ayrilish Qattiq eritmalar eritma hosil qilgan moddaning kristall panjarasida zarralar bilan band bo’lmagan bo’sh o’rinlar mavjudligi bilan tafsiflanadi. Singish bilan hosil bo’ladigan Qattiq eritmalar vujudga kelganda eruvchi moddaning atomlari erituvchi metallning kristall panjarasida tugunlararo fazoviy bo’shliqqa joylashadi (temirda uglerodning erishi bunga misol bo’la oladi). O’rin olish bilan hosil bo’ladigan Qattiq eritmalarda eruvchi metall atomlari bilan erituvchi metall atomlari kristall panjara tugunlarida bir-biri bilan o’rin almashadi (masalan, misning nikel bilan, natriy bromidning natriy xlorid bilan bo’lgan Qattiq eritmalari). Qattiq eritmalar texnikada qo’llanadigan eng zarur qotishmalar asosini tashkil etadi. Mas, mashina va stanoklar yasashda ishlatiladigan qotishmalar, zanglamaydigan, kislotaga chidamli po’latlar, bronza, jez. Alyuminiy va magniyning boshqa metallar bilan hosil qilgan yengil va o’ta yengil Qattiq eritmalari juda mustahkam bo’lib, ular elektr tokening o’tishiga juda katta qarshilik ko’rsatadi. Turli shishalar ham Qattiq eritmalarga misol bo’la oladi.