Qatvon jangi

Qatvon jangi — Qoraxoniylar va saljuqiylarning Birlashgan qo’shini bilan qoraxitoylar o’rtasida bo’lgan jang (1141 yil 9 sentyabr). Samarqand yaqinidagi Qatvon dashtida sodir bo’lgan. Qoraxoniylarning Samarqanddagi hokimi Mahmudxon 1137 yil Xo’jand yaqinida qoraxitoylardan mag’lubiyatga uchragach, Saljuqiylar sultoni Sanjaryaan ko’mak so’ragan. 1141 yil iyulida Sanjar 100 ming (boshqa manbalarga ko’ra, 70 ming) jangchidan iborat qo’shin bilan Amudaryodan o’tib Samarqandga yo’l oladi. Gurxon Elyuy Dashi qo’shini kidanlar, xitoylar va ba’zi turkiy qavmlardan (50 ming kishilik qarluqlar qo’shini ular tomoniga o’tgan edi) tashkil topgan 100 mingdan ziyod jangchidan iborat bo’lgan. Bu jangda qoraxitoylar kidanlarning sevimli harbiy usuli: raqib qo’shinini yon tomondan aylanib o’tib, qo’qqisdan hamla qilish taktikasini qo’llashgan. Gurxon qo’shinini 3 qismga ajratib, ularning har biriga raqib tomon qo’shinini o’rab olishni bosh vazifa qilib qo’yadi. Sanjar qo’shinining jangovar tartibini 2 qanot va markazdan iborat qilib tuzib, markazga o’zi boshchilik qiladi. Jangda qoraxitoylarning qanot qismlari ittifoqchilar qo’shinining orqa tomoniga yorib o’tib uni qurshab olgan. Sanjar qo’shini tartibsiz chekinib, Darg’om bo’yidagi bir daraga qisib qo’yilgan, yuzlab jangchilar Daryo suvi yoki kanalda g’arq bo’lgan. Sanjar yonidagi 300 otliq va shaxsiy qo’riqchilari bilan qurshovni yorib chiqib Termizga ketishga erishgan. Qatvon jangida manbalarga ko’ra, 70 ming musulmon shahid bo’lgan. Gurxon jang maydonida 3 oyga yaqin turadi, so’ngra Karmanaga yo’l olgan. Bu yerda u yangi davlat Qoraxitoylar davlati (G’arbiy Lyao) barpo etilganini e’lon qilgan. Qatvon jangi qo’chmanchilarning Markaziy Osiega kirib kelish yo’llarini ochib bergan. Qoraxoniylar ularning vassaliga aylangan, qoraxitoylar davlati boshlig’i — Gurxonga soliq to’lab turishlari lozim bo’lgan. Qoraxitoylar qoraxoniylarning ichki ishlariga aralashmaganlar, ularning poytaxti ilgarigidek Bolasog’un shahri hisoblangan. Faxriddin Hasanov.