Qarshi muhandislik- iqtisodiyot instituti

Qarshi muhandislik- iqtisodiyot instituti — qishloq xo’jaligi, neft va gaz sanoati, elektr va issiqlik energetikasi, oziq- ovqat sanoati, kimyoviy texnologiya va xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlari hamda ta’lim sohasi uchun yuqori malakali muhandislar, iqtisodchi va muhandis-pedagog bakalavrlar va mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. U Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining qarshi filiali negizida 1992 yilda tashkil etilgan. Institutda 17 ta ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavrlar, 7 ta mutaxassislik bo’yicha magistrlar va aspiranturada 3 ixtisoslik bo’yicha ilmiypedagogik xodimlar tayyorlanadi. Institutda qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini mexanizatsiyalash, xalq xo’jiligi iqtisodiyoti, Agronomiya, neft va gaz ishi, elektrotexnologiya sohalari bo’yicha ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi. Institut qoshida litsey-internat, akademik litsey, biznes maktablari, mutaxassislar malakasini oshirish bo’limi, «iqtidorli talabalar bilan ishlash», «axborot texnologiyalari va masofaviy ta’lim» markazlari, kichik bosmaxona faoliyat ko’rsatadi. Institutda 24 ta kafedra, kutubxona (130 ming kitob) mavjud. 2003-2004 o’quv yili Institutda 3682 talaba o’qidi. Institut tashkil etilgandan buyon 12 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassis va bakalavrlar tayyorlandi. Institut Rossiya, AQSh, Germaniya, Turkiya va boshqalar mamlakatlarning oliy o’quv yurtlari bilan hamkorlik qiladi. Institutda talabalarning dam olish oromgohi, sog’lomlashtirish markazi, sport saroyi mavjud.