Qazi
Qazi — ot go’shtidan tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsuloti. Qazini tayyorlash uchun otning to’sh va peshnob yoki lahm qismi go’shti va yog’i eni 3-4 santimetr, uzunligi 10-15 santimetr qilib tilimlanadi. Tilimlar tog’oraga solinib tuz, murch va zira bilan yaxshilab aralashtiriladi (1 kilogramm go’shtga 0,5 kilogramm ot yog’i, 50 gramm tuz, 15 gramm murch, 25 gramm zira) va 4 soatdan 24 soatgacha salqin joyda saqlanadi. Ot (mol) ning 45-50 santimetr uzunliqdagi ichagi ag’darilib, sovuq suvda yuviladi, shilimshiq moddasi tuz bilan ishqalab yoki 2% li sirkali suv bilan tozalanadi. Ichakning bir uchiga cho’p suqib (ichak sitplib chiqib ketmasligi uchun), orqasidan pishiq ip bilan mahkam bog’lab, ikkinchi uchidan tayyor tilimlar bir go’sht va bir yog’zich qilib tiqiladi. Ichak to’lgach, ikkinchi tomoni ham cho’p suqib qattiq bog’lanadi, ikkala uchini biriktirib, saqlash uchun osib qo’yiladi. 2-3 kundan so’ng Qazi tayyor bo’ladi. Qazini 10-12 santimetr qalinlikda un yoki kepakka ko’mib, 2 yilgacha saqlash mumkin. Qazini pishirishda qozondagi sovuq suvga solinib 1,5—2 soat middiratib qaynatiladi. Qazi qaynab chiqqandan so’ng, ko’pigi olinib, yorilib ketmasligi uchun bir necha joyiga nina uriladi. Dasturxonga parrakparrak qilib, noringa qo’shib yoki yaxna tarzida murchli piyoz yoki salatlar bilan tortiladi. Qazi Toshkentda ko’p tayyorlanadi. Qazi mo’g’ullar, qozoqlar, qirg’izlar, turkmanlarda ham mavjud.