Qirg’iz tizmasi

Qirg’iz tizmasi – Shimoliy Tyanshandagi tizma. Asosan, Qirg’iziston hududida joylashgan. Uning g’arbiy qismining shimoliy yon bag’ri Qozog’iston Respublikasi hududida. Uzunligi 380 kilometr. Kenglik bo’ylab g’arbda Taroz shahridan, sharqda Chu daryosining Bo’o’m darasigacha cho’zilgan. Eng baland joyi 4857 metr (G’arbiy Alamuddin cho’qqisi). Qirg’iz tizmasi kaledon burmalanishi davrida shakllangan va yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan antiklinoriy. Paleozoy davri granit, granodiorit, porfirit, ohaktosh, konglomerat, qumtosh kabi jinslaridan tuzilgan. Shimoliy yon bag’ri qiya, Janubda Chu vodiysini o’z ichiga olgan. Yon bag’irlarida 2500 metrgacha dasht, o’rmonlar (qoraqarag’ay, archa), undan yuqoriroqda sub-Alp o’tloqlari bor. 3700 metr balandlikdan qor va muzliklar boshlanadi (muzliklarning umumiy maydoni 223 km2). Tizmada Chu vodiysining Markaziy Tyanshan va Janubiy Qirg’izistonni bog’lovchi bir necha dovon (Tyos-Ashuu, balandligi 3586 metr, Shamsi. balandligi 3570 metr va boshqalar) mavjud. Tyos Ashuu dovonidan Bishkek va O’sh shaharlarini bog’lovchi avtomobil yo’li o’tgan. Termal buloqlar bor.