Qishloq xo’jaligi

Qishloq xo’jaligi – moddiy ishlab chiqarishning asosiy tarmoqlaridan biri. Dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari olish uchun ekinlar ekish va chorva mollarini ko’paytirish bilan shug’ullanadi, aholini oziq-ovqat mahsulotlari va xalq xo’jaligining bir qancha tarmoqlarini xom ashyo bilan ta’minlaydi. Qishloq xo’jaligi o’simlik va hayvon mahsulotlarini dastlabki qayta ishlashning turli tarmoqlarini ham o’z ichiga oladi. Moddiy i.ch.ning boshqa jami sohalaridan farq qilgan holda Qishloq xo’jaligi juda katta may-donlarda va hududiy xilma xil sharoitlarda olib boriladi. Unda yer (asosiy ishlab chiqarish vositasi), yorug’lik, issiqlik, suv va tirik organizmlar — o’simlik va hayvonlardan foydalaniladi. Qishloq xo’jaligining ishlab chiqarish davri ish davri bilan mos tushmaydi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — dehqonchilik va chorvachilik. Ular ham o’z navbatida bir qadar kichikroq tarmoqlarga bo’linadi (dehqonchilikda — dalachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilik, o’rmon xo’jaligi va boshqalar; chorvachilikda — qoramolchilik, qo’ychilik, yilqichilik, cho’chqachilik, parrandachilik, asalarichilik, pillachilik va boshqalar); O’z navbatida, dehqonchilik va chorvachilik tarmoklari ekiladigan ekinlar (g’allachilik, sholikorlik, paxtachilik) va chorva mollari turlari (qoramol, qo’y, ot, tuya) bo’yicha guruhlanadi. Qishloq xo’jaligi — inson xo’jalik faoliyatining dastlabki turlaridan biri. Uning kelib chiqishi tosh davri oxiriga borib taqaladi. Bu davrda inson xo’jalik va boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun yerni oddiy qurollar bilan ishlagan, ba’zi hayvonlarni xonakilashtira boshlagan. Asrlar davomida turli sharoitlar ta’sirida dehqonchilik tizimi o’zgargan va takomillashgan; hayvonlarning foydali xususiyatlari parvarishlangan, ko’plab zotlari yetishtirilgan. Jahon Qishloq xo’jaligida dunyodagi iqtisodiy faol aholining 45,2% (1316,7 million kishi) band. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlar 13387,0 million gektar, jumladan, haydaladigan yerlar 1380,8 million gektar, jami sug’oriladigan yerlar 271,4 million gektar (1998). 1999 yilda jahon Qishloq xo’jaligida 583,6 million tonna bug’doy, 596,4 million tonna sholi, 600,4 million tonna makkajo’xori, 130,0 million tonna arpa, 294,3 million tonna kartoshka, 444,6 million tonna mevalar, shu jumladan 60,6 million tonna uzum yetishtirildi. Chorvachilikda 225,9 million tonna go’sht, 562,4 million tonna sut tayyorlandi. 1338,2 million bosh qoramol, 912,7 million cho’chqa, 1068,6 million qo’y va 709,9 million bosh echki, 14139,0 million tovuq boqildi. Dildora Saidova.