Qishloq xo’jaligi xaritasi
Qishloq xo’jaligi xaritasi — qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining joylashuvi, holati va istiqbolini, shuningdek, qishloq xo’jaligini boshqarishning iqtisodiy va tashkiliy-texnik sharoitlarini aks ettiruvchi maxsus geografik xarita. Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini rejalashtirishda, qishloq xo’jaligini boshqarishning amaliy masalalarini ishlab chiqishda, shuningdek, yerdan oqilona foydalanish, uning sifati va maydonini hisobga olishda ma’lumotnoma-qo’llanma bo’lib xizmat qiladi. Meliorasiya, yer tuzish, tuproq eroziyasiga qarshi kurash va boshqa agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqishda, o’quv va ilmiy ishlarda, ma’lum bir hududning qishloq xo’jalik geografiyasi va iqtisodiyotini batafsil o’rganishda qo’llaniladi. Xaritada qishloq xo’jaligi yerlari, irrigatsiya va kollektor-drenaj tarmoqlari, ma’muriy va xo’jalik chegaralari, yo’llari va boshqa elementlar tasvirlanadi. Xarita aerofotos’yomka materiallari asosida tayyorlanadi. Masshtabi qishloq xo’jalik zonalariga qarab 1:25000 — 1:200000, sug’oriladigan zonalar uchun 1:25000, lalmi yaylovlar uchun 1:50000 va undan kichik. Qishloq xo’jaligi xaritasi seriyasi ham mavjud, bularga yerdan foydalanish, tuproq eroziyasiga qarshi kurash, yaylov tiplari, qishloq xo’jaligini rayonlashtirish va ixtisoslashtirish, qishloq xo’jalik ekinlarining tarqalishi, qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash, agroiqlim va boshqa xaritalar kiradi.