Qisir qolish
Qisir qolish — yosh chorva mollarining jinsiy voyaga yetganda yoki katta yoshdagi urg’ochi hayvonlarning tuqqandan keyin ma’lum fiziologik muddatlarda urug’lanmay qolishi. Qisir qolishga chorva mollarini qochirshi va sun’iy urug’lantirish ishlarini tashkil qilish va o’tkazishdagi kamchiliklar, sperma olish vaqtida veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilmaslik, sun’iy urug’lantirish texnikasining noto’g’riligi (yaxshi ishlamasligi), chorva mollarini urug’lantirish rejasining yo’qligi, hayvonlar bo’g’oz bo’lgan yoki qisir qolganligini o’z vaqtida tekshirmaslik, hayvonlar kuyikkan davrida ularni qochirish va urug’lantirish muddatlariga e’tibor bermaslik va boshqalar, shuningdek, mustahkam ozuqa bazasining yo’qligi, chorva mollarini asrashda noqulay sharoit, hayvonlar jinsiy organlarining kasalliklari, tug’ma anomaliyalari va boshqalar ham sabab bo’ladi. Yangi tuqqan sigirlar 80— 85 kundan so’ng qochirilishi lozim. Ushbu muddat optimal servis davri deb qabul qilingan. Bu davrning har bir kuni (cho’zilishi) Qisir qolishga olib keladi. Optimal muddatdagi servis davrida qochirilganda har 100 sigirdan yil davomida 100 buzoq olinadi. Agar optimal servis davri 120 kunga cho’zilsa, unda qisirlik muddati 40 kunni tashkil etadi va har 100 bosh sigirdan 86 ta buzoq olinadi. Tanalarning optimal (17-18 oy) qochirish yoshi 1-2 oy kechiktirilganda ularning har biridan sog’iladigan sut miqdori 300-600 kilogrammga kamayib ketishi mumkin. Ubaydulla Nosirov.