Qiyosiy psixologiya

Qiyosiy psixologiya — psixologiya sohasi. Psixikaning filogenetik (kelib chiqish), ontogenetik (inson umriga oid) holatlar va ularning shakllarini tadqiq qiladi. Qiyosiy psixologiyada hayvonlar psixologiyasi odamlarniki bilan qiyoslanadi, ularning xulq-atvoridagi o’xshashliklar va tafovutlarning sabablari tekshiriladi, harakatlantiruvchi biologik va tabiiy kuchlar, ijtimoiy muhitdagi ta’sir o’tkazuvchi vositalar, omillar aniqlanadi. Zoopsixologiya Qiyosiy psixologiyaning asosiy bo’limi (tarkibiy qismi)dan iborat bo’lib, u turli guruhlarga, turlarga mansub hayvonlar, jonivorlar psixi- kasini, ularning xatti-harakatlarini o’rganadi. Etologiya — biologik va psixologik jabhalar qorishmasidan iborat bo’lib, hayvonlarning xatti-harakatidagi tug’ma (irsiy) alomatlar, mexanizmlar insonniki bilan umumiy negizga ega ekanligini o’rganuvchi soha. Qiyosiy psixologiya insonda ongning vujudga kelishi bilan bog’liq bo’lgan psixologik muammolarni qamrab oladi. Shuningdek, u inson xatti-harakatining biologik, ijtimoiy, turmushda orttirilgan jabhalarini tadqiq etuvchi psixologiya tarmog’i. Insonda mehnat faoliyatining vujudga kelishi va takomillashuvi, kishilik jamiyatining rivojlanishi, odamlar orasida o’zaro munosabat vositasi sifatida nutqning paydo bo’lishi ijtimoiy-psixologik omillar, shartsharoitlar turkumini tashkil qiladi. Insonda ongning paydo bo’lishi, rivojlanishi va o’zini o’zi anglashini aniqlovchi psixologik omillarni hisobga olish, bola kamoloti to’g’risidagi qonuniyatlarga asoslanish qiyosiy tahlilning mahsulidir.