Qizil kitob

Qizil kitob — yo’qolib borayotgan yoki yo’qolish xavfida bo’lgan noyob o’simlik va hayvon turlarini qayd qiluvchi davlat hujjati. Qizil kitobda o’simlik va hayvon turlari sonining kamayishi, areallarining qisqarib borishi sabablari yoritiladi; ularni saqlab qolish uchun tavsiyalar berib boriladi. 1948 yilda tashkil etilgan tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi kamyob va yo’qolib ketish xavfida bo’lgan o’simlik va hayvon turlarining ro’yxatini tuzish g’oyasini amalga oshirishga kirishdi. Turlarni saqlab qolish bo’yicha maxsus xalqaro komissiya tuzilib, 1966 yildan boshlab boshqa tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari bilan hamkorlikda xalqaro Qizil kitobning dunyo va alohida mintaqalar florasiga bag’ishlangan nashrlar chop etila boshlandi. O’zbekistonning noyob va kamayib borayotgan o’simlik va hayvonlari to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlar 1974 yil ta’sis etilgan Qizil kitobda o’z aksini topgan. O’zbekiston Qizil kitobi 1978 da ta’sis etildi. Birinchi marta O’zbekiston Qizil kitobining faunaga bag’ishlangan qismi 1983 yil nashrdan chiqdi. Unga umurtqali hayvonlar (baliqlar, sudralib yuruvchilar, qushlar, sut emizuvchilar) ning 63 turi kiritilgan edi. O’simliklar olamining kamyob, yo’qolib ketish xavfida bo’lgan 163 turi haqida ilk bor mukammal ma’lumotlar 1984 yil bosmadan chiqqan Qizil kitobda keltirilgan. Qizil kitob — dav- riy nashr hisoblanadi. Unga kiritiladigan o’simlik va hayvon turlari tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi taklif etgan tasnifga binoan 4 guruhga ajratiladi: 1) yo’qolgan yoki yo’qolish arafasida turgan (jiddiy muhofaza talab etuvchi) turlar; 2) yo’qolib borayotgan (areali va soni kun sayin kamayib borayotgan, maxsus muhofazaga muhtoj) turlar; 3) kamyob, bevosita yo’qolish xavfi bo’lmasada, kichik maydonlarda kamdan-kam uchraydigan (muhofazaga muhtoj) turlar; 4) muayyan vaqg davomida soni va tarqalgan maydonlar tabiiy sabablarga qo’ra yoki inson ta’sirida qisqarib borayotgan (sonini nazorat qilib turish talab qilinadigan) turlar. Qizil kitobga, unga kirgan turlar maqomining o’zgarishi, maxsus muhofaza choralari tufayli ba’zi turlar sonining tiklanishi, aksincha, yashash sharoitining o’zgarishi va boshqalar omillar ta’sirida sonining kamayishi natijasida boshqa toifaga o’tkazilishini yoritish maqsadida qayta nashr etiladi. O’zbekiston florasining yo’qolib ketish xavfi ostida turgan 301 turining hozirgi holatini tavsiflaydigan Qizil kitob 1998 yil da qayta bosmadan chiqdi. Keyingi yillarda O’zbekiston faunasi turlari maqomini baholashga imkon beruvchi ma’lumotlar to’planib, yangi Qizil kitob 2003 yilda chop etildi. Qizil kitobning so’nggi nashriga sut emizuvchilarning — 24, qushlarning — 51, sudralib yuruvchilarning — 16, baliqlarning — 18, halqali chuvalchanglarning — 3, mollyuskalarning — 15, bo’g’imoyoqlilarning — 62 turi va kenja turi kiritilgan. O’zbekiston faunasi va florasining ba’zi turlari xalqaro Qizil kitobda ham o’z aksini topgan. Unda har bir tur uchun alohida sahifa ajratilgan bo’lib, unda mazkur o’simlik yoki hayvon turning O’zbekcha, ruscha, lotincha (ilmiy) nomlari, ularning sistematik o’rni, qisqacha morfologik tavsifi, tarqalishi, yashash muhiti, tabiatdagi soni, ko’payishi, areali va sonining o’zgarishi sabablari, muhofaza qilish choralari va boshqalar bayon etilgan. Qizil kitobga kiritiladigan hayvon va o’simlik turlari bo’yicha taklifni ilmiy tekshirish muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlari, ayrim olimlar tavsiya qilishi mumkin. Muhofaza qilinishi natijasida o’z arealini qaytadan tiklagan va yo’qolib ketish xavfi tug’ilmaydigan o’simlik va hayvon turlari Qizil kitobdan chiqariladi. Qizil kitobga kiritilgan turlar davlat qonuni asosida muhofaza qilinadi; uni buzgan yuridik va jismoniy shaxslar qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi. O’ktam Pratov, Elmurod Shernazarov.