Qizil qalpoqcha qachon yashagan?

Siz, albatta, buvisinikiga mehmonga ketaturib yo’lda bo’riga duch kelgan qizaloq haqidagi tarixni eslasangiz kerak? Aytgancha, qizil qalpoqcha o’zining birinchi xavfli yurishiga chiqqanda… XVI asr edi. Demakki, uning yoshi kam emas — ko’p emas 5 asrga teng. Ha, qizil qalpoqcha haqidagi ertaklar o’rta asrlardayoq paydo bo’lgandi. Siz ularning boshlanishini bilasiz: u zamonaviy talqinlaridan zig’ircha farq qilmaydi. Oxirida qizaloq ayyorlik bilan qutiladi va uyiga eson-omon qaytishga musharraf bo’ladi. Umuman olganda, ertak — yolg’on, faqat uning ishorasi muhim. O’sha zamonlarda abjirlik ham, ayyorlik ham yuksak qadrlanardi, qizaloq esa kimsan bo’rini go’l qilib ketadi. Keyinchalik esa, XVII asrda, Sharl Perroning ertagida bu dastlabki talqin o’zgartirilgan edi. Axloq va uning qoidalari qat’iylashdi, mashmashabozlik va mahmadanalik ma’qullanmasdi. Shuning uchun fransuz ertakchisi onasining nasihatlarini unutib qo’ygan qizil qalpoqcha qanday qilib bo’ri bilan, ya’ni o’ziga notanish kishi bilan uzoq gaplashib qolganini hikoya qilib beradi. Bo’ri esa qizaloqni paqqos tushiradi. Shunday qilib, ishora-savol Perro bayonida quyidagicha jaranglaydi: qizaloq begona kishi bilan suhbat qurishi uchun shunchalik gapdon bo’lishi shartmi? Javobi aniq. Bundan tashqari, quloq soladigan bo’ling — kattalar sizni taqdirlaydi. XIX asrda esa og’a-ini Grimmlarning ertagida qizil qalpoqcha begunoh qurbon timsoliga aylandi. Qo’rqinch to’la pandomuz yakun chiqarib tashlandi, yangi qahramon — buvini ham, nevarani ham qutqaruvchi Jasur ovchi paydo bo’ldi. Ota-onaga itoat qilish g’oyasi saqlandi, ammo unga kuchli homiy-poymol etilgan adolatli tiklovchiga umid g’oyasi qo’shildi. Bir so’z bilan aytganda, har bir davr bitta va aynan o’sha syujetni o’zicha talqin qiladi, unda yangi muammolarni ko’radi va yangicha yechimni tavsiya etadi. Biroq bu narsa quvnoq va jinday ehtiyotsiz qizaloqqa, mana besh asrdirki, har kuni ovsar bo’rining qarshisidan chiqishi va pirovardida, o’zining yaxshiligi va iste’dodi bilan undan g’olib kelishiga xalaqit bera olmaydi. Chunki ezgulik hamisha yovuzlikdan kuchlidir, shunday emasmi?