Qizilgaza g’ori

Qizilgaza g’ori — Toytalash tog’ining (Hisor tizmasining Janubiy g’arbiy tarmog’i) shimoliy yon bag’ridagi g’or. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qiziltom qishlog’idan 7 kilometr Sharqda, o’rtacha 2430 metr balandlikda joylashgan. Yuqori yura davriga oid gips qatlamlarida hosil bo’lgan. G’orning ikki kirish qismi mavjud. Birinchisi Janubi g’arbda (eni 5 metrdan ziyod, balandligi 1,5 metrga yaqin), ikkinchisi shimoli g’arbga qaragan (eni 3 metr, balandligi 5 metrga yaqin). G’or murakkab tuzilishga ega. Bir necha xonalar va yo’laklardan tashkil topgan. Ularning eni 1,5 metrdan 8 metrgacha, balandligi 0,8 metrdan 4 metrgacha. G’or ichidagi temperatura 14°, yer yuzasiga yaqin joyda 28°, nisbiy namlik 96% (avgust). Qizilgaza g’ori ning umumiy uzunligi 50 metr, maydoni 300 m2, hajmi 700 m3 ga yaqin.