Qizilolmasoy oltin koni

Qizilolmasoy oltin koni — Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi kon. Angren shahridan shimoli Sharqda, Chatqol tog’larining Janubiy yon bag’rida joylashgan. Qizilolmasoy oltin koni 1959 yilda ochilgan. 1975 yildan foydalanilmoqda. Konning umumiy maydoni 4 km2, uzunligi 10 kilometr chamasi bo’lgan kuchli minerallashgan (qalinligi 350 metrgacha) zonadan iborat. Qamrovchi jinslar andezitdasit formasiyadagi vulkanitlarning yupqa (150 metrcha) g’ilofidan va zamini slaneslarning ksenolitlari bo’lgan granitoidlardan tashkil topgan. Sanoatbop rudalanish, asosan, 3 ta yirik ruda tanalarida rivojlangan bo’lib, o’lchamlari yo’nalish bo’yicha uzunligi 200 dan 600 metrgacha, yotish qiyaligining uzunligi 1500 metrga yetadi; o’rtacha qalinligi 15-20 metr. Oltinkumushli rudalanish konning vulkanogengidrotermalli turiga mansub bo’lib, ko’p bosqichlarda shakllangan. Qizilolmasoy oltin konida 100 dan ortiq mineral va ularning turlari aniqlangan, ulardan 70 tachasi rudali hisoblanadi. Rudali tanalar kvars (rudali tana hajmiga nisbatan 50-85%) va ularning turlari — ametist (safsar), xaltsedon hamda kaltsit (15-45%)dan tuzilgan. Serisit, muskovit, kaolinit, ortoklazlar kamroq. Rudali minerallar, asosan, piritdan, kamroq xalkopirit, galenit, sfalerit hamda rudali tana hajmining 3 — 5 dan 35%gacha tashkil qilgan xira rudalardan iborat. Mineral tarkibiga ko’ra, rudalanish oltinkvarsli kam sulfidli formatsiyaga tegishli, kam bo’lsada, bir qancha tug’ma elementlar (Ai, A§, Si, V1, R) va slaneslar mavjud. Rudalanish kvarsli tomirlarda va kvarslangan qamrovchi jinslarda chegaralangan bo’lib, oltinning o’rtacha miqdori 8,2 g/t, Kumushniki 59 g/t ni tashkil qiladi. Rudali tanalar 2 ta shaxta yordamida 615 metrgacha chuqurlikda ochilgan. Qizilolmasoy oltin konidan hozirgi vaqtda foydalanilmoqda.