Qiziltepa

Qiziltepa — miloddan avvalgi 9-4-asrlarga oid shahar xarobasi. Surxondaryo viloyati Sho’rchi tumani hududida, Qizilsuv daryosining o’ng sohilida. G.A. Pugachenkova rahbarligidagi O’zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan o’rganilgan (1971 yil). Qiziltepa rejasi to’rtburchak shaklida (420×360 metr) bo’lib, maydoni 16 gektar. Qiziltepa Janubi Sharq va Janubi G’arb tomondan poydevori 10 metr qalinlikda, (paxsa va xom g’ishtdan) asosi doira shaklida bo’lgan tekis minoralari bor qalin devor bilan o’ralgan. Devor va minoralarda o’q otish shinaklari bor. Devor atrofiga xandak qazilgan. Qiziltepa uch qismdan iborat: 1) Qiziltepaning Janubiy g’arbiy qismidagi balandligi 10 metrga yaqin tepalikka qurilgan Ark va hukmdorlar saroyi; 2) shaharning o’z hududi; 3) shaharning Janubiy Sharqiy devoridan tashqarida joylashgan, umumiy maydoni 4-5 gektar bo’lgan hudud. Tadqiqotlar Qiziltepada hayot 3 asosiy davrga bo’linganini ko’rsatadi. Qiziltepa 1 (miloddan avvalgi 9-7-asrlar); Qiziltepa 2 (miloddan avvalgi 7-5-asrlar); Qiziltepa 3 (miloddan avvalgi 5-4-asrlar). Qiziltepa 2 davrida hayot birmuncha rivojlangan. Bu davrda Qiziltepaga kishilar ko’plab ko’chib kela boshlagan. Qal’a qo’rg’onida paxsa va xom g’ishtdan qator hashamatli imoratlar qurilgan. Qiziltepadan har xil qurollar (yorg’uchoq hovoncha, o’g’ir dasta, o’roq), to’q qizil rang angob bilan sirlangan tsilindrsimon tirgakli idish, uy hayvonlari suyaklarining ko’plab topilishi dehqonchilik, kulolchilik va chorvachilikning jadal yuksalganidan darak beradi. Miloddan avvalgi 4-asrda Qiziltepa Aleksandr (Iskandar Maqsuniy) qo’shinlarining yurishi vaqtida butunlay vayron qilingan. Ad.\ Arshavskaya 3. A., Rtveladze E. V., Xakimov 3. A., Srednevekovne pamyatniki Surxandari, T., 1982.