Qizketgan

Qizketgan — Qoraqalpog’iston Respublikasidagi magistral kanal. Amudaryodan suv oladi. Uzunligi 38,2 kilometr, suv o’tkazish imkoniyati 320 m3/s Nukus, Kegeyli, Qorao’zak, Bo’zatov, Chimboy tumanlaridagi 130,2 ming gektar yerni sug’oradi. Kanalning bosh inshooti 1935 yilda qurilgan; 1959 yilda kanalning oxirida Kegeyli (115 m3/s), Quvonishjarna (110 m3/s), Staxanovarna (25 m3/s) kanallariga suv berish uchun suvayirg’ich qurilgan; etak qismidagi 1 kilometr masofada kanal o’zani 117 metrga kengaytirildi va 5 metrgacha chuqurlashtirildi (tindirgich vazifasini o’taydi va tarmoq kanallariga cho’kindilarning o’tishini kamaytiradi). 1965 yilda Qizketganga qo’shimcha suv olish maqsadlarida Taxiatosh to’g’onining pastki relyefida Kattag’or nasos stansiyasi (suv sarfi 54 m3/s) va Kegeyli kanaliga ulangan 18 kilometrli kanal qurildi. Natijada kanal suvi bilan 218 ming gektardan ko’proq yerni sug’orish mumkin bo’ldi.