Qodirov Nabijon O’lmasovich
Qodirov Nabijon O’lmasovich (1957.26.2, Rishton tumani) — kulol, Rishton kulollik maktabining yirik vakili; O’zbekiston xalq ustasi (2001). 1969 yildan usta kulol Yo’ldoshali Ergashevga shogird tushib hunar o’rgangan. 1978 yildan mustaqil usta, tumandagi kulolchilik zavodida usta-rassom. Qodirov mahalliy kulolchilik an’analarida buyumlar yaratadi, Rishton kulolchilik maktabida kichik shaklli haykaltaroshlik asarlari (loydan kichik mavzuli etyudlar, o’yinchoqlar, mujassamotlar) yaratishni boshlab berdi hamda ularni an’anaviy (lagan, bodiya) buyumlar bilan uyg’unlashtirishga erishdi: «hordiq», «Novvoy», «Dehqon», «Choyxona», «Chorgul», «Bodomgul», «Hashtgul», «Askiya» kabi ko’plab kulollik mujassamotlari va boshqalar. Qodirov haqida «Rishton mo»jizasi» nomli hujjatli film yaratilgan (1999). Qodirov oilaviy kulollar sulolasiga asos soldi: ukalari (Nodir, Shavkat, Ahror, Abror), singillari (Zamira, Ziyoda), o’g’illari (Asror, Sayyod) va boshqa shogirdlari bilan birga mehnat qilib, Rishton kulollik maktabini yangi an’analar bilan boyitmoqda.