Qon bosimi, arterial bosim
Qon bosimi, arterial bosim — tomirlarda oqayotgan qonning shu tomirlar devoriga ko’rsatadigan bosimi (tazyiqi); yurak ishi va tomirlar devorining qarshiligi tufayli vujudga keladi. Arteriyalar ichida — arterial, kapillyarlar ichida — kapillyar va venalar ichida — venoz bosim bo’ladi. Qon bosimi qonning tomirlar sistemasi bo’ylab oqishiga imkon beradi va shu bilan organizm to’qimalarida moddalar almashinuvini ta’minlaydi. Arterial bosimning (AB)- yuqori yoki past bo’lishi, asosan, yurak qisqarishlarining kuchi va yurakning har qisqarganda tomirlarga haydaydigan qon miqdori, tomirlar (ayniqsa, periferik tomirlar) devorining qon oqimiga ko’rsatadigan qarshiligi va kamroq darajada vaqt birligida yurak qisqarishlarining soni bilan belgilanadi. Aylanib yuradigan (tsirkulyasiya qiladigan) qon miqdori, uning yopishqoqligi, bosimining nafas olishga bog’liq bo’lgan qorin va ko’krak qafasi bo’shlig’idagi o’zgarishlari va b. omillar ham AB ning yuqori yoki past bo’lishiga ta’sir ko’rsatadi. Yurakning chap qorinchasi qisqarganda (sistola) AB maksimal darajaga yetadi. Bu jarayonda yurakdan 70 ml qon otib chiqariladi, bu miqdor qon birdaniga mayda qon tomirlari (ayniqsa, kapillyarlar) orqali o’tib ketolmaydi. Shuning uchun elastik aorta kengayadi, undagi bosim (sistolik bosim) esa ortadi. Arteriya, vena va kapillyarlarda Qon bosimi turlicha bo’ladi. Yurakdan uzoqlashgan sari Qon bosimi pasayib boradi (aortada ancha yuqori, kapillyarlarda birmuncha past, venalarda ancha past bo’ladi). Katta odamda normal arterial bosim 100-140 mm simob ustuni (sistolik bosim) ga va 70— 80 mm simob ustuni (diastolik bosim) ga teng. Bu bosimlar farqi puls bosimi deyiladi. Organizmdagi biror-bir illat tufayli Qon bosimi ushbu ko’rsatkichdan ko’tarilishi yoki pasayishi mumkin. Yurak qorinchalarining qisqarishlari orasidagi pauza (ya’ni diastola) vaqtida kengaygan qon tomirlari (aorta va yirik arteriyalar)ning devori qisqara boshlaydi va qonni kapillyarlarga haydaydi. Qon bosimi asta-sekin pasayadi va diastola oxirida minimal darajaga tushadi (aortada 90 mm simob ustuni, yirik arteriyalarda 70 mm simob ustuni atrofida bo’ladi).