Qon aylanishi

Qon aylanishi – yurak qisqarishi tufayli qonning qon o’tkazish sistemasida harakatlanishi. Qon aylanishi organizm to’qimalari bilan tashqi muhit orasidagi moddalar almashinuvi va gomeostaz turg’unligini ta’minlaydi. Qon to’qimaga kislorod, suv, oqsil, uglevodlar, yog’, mineral moddalar, Vitaminlar va boshqalar olib keladi va to’qimadan karbonat angidrid hamda moddalar almashinuvida paydo bo’lgan boshqa chiqindi moddalarni olib ketadi. Termoregulyasiya va gumoral regulyatsiyasi amalga oshiradi. Immunitetning muhim omilidir. Qon aylanishini 1628 yil ingliz vrachi U.Garvey kashf qilgan. Ko’pchilik umurtqasiz hayvonlarda ochiq Qon aylanishi doirasi mavjud (gemolimfa gavda muskullari yoki tomirlar qisqarishi tufayli harakatlanadi). Odam va ayrim yuqori darajada rivojlangan umurtqasizlarda Qon aylanishi doirasi yopiq bo’ladi. Suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, sut emizuvchilar va qushlarda Qon aylanishi doirasi 2 ta. Odam. shu jumladan, sut emizuvchilar va qushlarda Qon aylanishi sxemasi bir xil. Yurak chap qorinchasidan chiqib, to’qimalar orqali o’ng bo’lmachaga kelgan tomirlar sistemasi katta, o’ng qorinchadan chiqib, o’pka orqali chap bo’lmachaga kelgani kichik qon aylanish doirasini tashkil etadi. Chap bo’lmachadan qon chap qorinchaga o’tadi va Qon aylanishi davom etadi. Yurak muskullarining qisqarib-bo’shashishi tufayli qon tomirlarda harakatlanadi. Yurakning bir minutda haydaydigan qon miqdori minutli hajm deyiladi. Odam tinch turganidagi minutli hajm 4-5 l ga teng, emosional ta’sir holatida esa u 3-4 marta ortadi. Yurak qonni arteriyaga portsiya bilan haydaydi. Qon quyilishi bilan arteriyalar devori kengayadi. Diastolada yig’ilgan energiya arteriyalarda qon bosimini ma’lum darajada saqlab, kapillyarlarda uzluksiz qon oqimini ta’minlaydi. Organizmdagi qonning faqat 5% i kapillyarlarda bo’ladi, biroq Qon aylanishining asosiy funktsiyasi — qon bilan to’qima orasidagi moddalar almashinuvi shu kapillyarlarda amalga oshadi. Qonning kapillyarlardagi gidrostatik bosimi sababli suyuqlik, kapillyardan to’qimaga filtrlanadi (qon plazmasining onkotik bosimi bu jarayonga to’sqinlik qiladi). Qon kapillyarlarda qarshilikka uchraydi, buni engishda u energiya yo’qotadi va qon bosimi pasayadi. Bu suyuqlikni hujayralararo bo’shliqdan kapillyarlarga o’tishiga sabab bo’ladi. Suyuklikning bir qismi hujayraaro tirqishdan limfatik tomirlarga oqib o’tadi. Suyuqlik bosimi ATM. bosimiga qaraganda (5-10 mm simob ustuniga) kam bo’lgani uchun to’qimalardan suyuqlik faol haydab turiladi. To’qimalardan qon vena qon tomiriga o’tadi. Skelet muskullarining qisqarib-bo’shashishi va nafas harakatlari qonning tomirlarda uzluksiz oqishiga sharoit yaratadi. Qon aylanishi reflektor va gumoral ta’sirlar bilan boshqariladi. Qon aylanishining mahalliy va umumiy buzilishi farqlanadi, uning mahalliy buzilishidan giperemiya, ishemiya, ateroskleroz, tromboz va boshqalar bo’lishi mumkin. Qon aylanishining umumiy buzilishi a’zo va to’qimalarga turli sabablarga ko’ra yetarli qon bormasligi tufayli yuz beradi.