Qon

Qon — odam va umurtqali hayvonlarning qon aylanish sistemasida aylanib yuradigan suyuq to’qima; hujayra va to’qimalarga yetib borib, ularning hayot faoliyatini hamda fiziologik funktsiyalarining bajarilishini ta’minlaydi. Eritrositlarning tarkibidagi gemogyubin Qonga qizil rang beradi. Qonning tarkibi, osmotik bosimi va aktiv reaktsiyasi (rn) deyarli o’zgarmaydi. Qon organizmda xilma-xil vazifalarni bajaradi: u hujayralarga kislorod yetkazib beradi va karbonat angidrid gazini olib ketadi (nafas funktsiyasi); ovqat hazm qilish a’zolaridan oziq moddalarni butun organizmga tarqatadi (oziq moddalarni tashish funktsiyasi); moddalar almashinuvi mahsulotini chiqarish a’zolariga (buyrakka) olib boradi. Qon a’zolarning gumoral aloqasini yuzaga chiqaradi, u gaz almashinuvi, nafas, suv-tuz almashinuvi, kislota-ishqor muvozanatida ishtirok etadi. Qonda antitoksinlar, lizinlar va antitelolar borligi, shuningdek, leykositlar mikroorganizmlar va yot jismlarni qamrab yutish xususiyatiga ega bo’lganligi tufayli Qon organizmni zararli moddalar va yot jismlardan himoya qiladi. U gavda temperaturasini doim bir maromda saqlashda muhim ahamiyatga ega. Odamlarda 5,2 litrcha Qon bo’ladi. Qon suyuq qism — plazma (55-60%) va shaklli elementlar (40-45%) dan tashkil topgan. Qonning shaklli elementlari Qon yaratish a’zolarida ishlanadi; Qon va qon yaratish a’zolari — Qon yaratish sistemasini tashkil etadi. Qon maxsus mexanizmlar orqali regulyatsiya qilinadi, shuning uchun sog’lom odam qonining tarkibi o’zgarmaydi. Organizmdagi har qanday o’zgarishlarga nisbatan Qon javob reaktsiyasi qaytaradi, ya’ni o’z tarkibini o’zgartiradi. Ayrim kasalliklarni, xususan, Qon sistemasi kasalliklarini aniqlashda Qon tarkibining o’zgarishi muhim ahamiyatga ega. Qon plazmasi vitaminlar, fermentlar, tuzlar va moddalar almashinuvining oxirgi mahsulotlarini saqlaydi. Plazmaga erigan oqsillar, jigar hujayralari va retikuloendotelial sistema hosil bo’ladi. Plazma oqsillari transport vazifasini bajaradi, kislota-ishqor muvozanatini tartibga solib turadi. Qonning shaklli elementlari asosan eritrositlar, leykositlar va trombositlarlem iborat. Qon tarkibidagi uglevodlarga glyukoza va uning almashinuv mahsulotlari kiradi. Qonda 80-100 mg % gacha glyukoza, shuningdek, glikogen, fruktoza va oz miqdorda glyukozamin bo’ladi. Uglevodlar va oqsillarning almashi- nuv mahsulotlari (glyukoza va boshqa monosaxaridlar, kislotalar, tuzlar va suv) ichak kapillyarlaridan oqayotgan Qonga so’riladi. Glyukozaning bir qismi a’zo va to’qimalarga tarqaladi, boshqa qismi esa jigarda glikogenga aylanadi. Qondagi lipidlar aralashmasi neytral yog’lar, erkin yog’kislotalari va ularning parchalanish mahsulotlaridan, erkin va bog’langan xolesterindan, shuningdek, steroid gormonlaridan iborat. Neytral yog’lar, gliserin, yog’kislotalari ichak shilliq qavatidan Qonga qisman so’riladi. Qon yog’emulsiyasini yog to’qimalariga yetkazadi va u yerda zaxira holda saqlanadi. Qon tarkibida mineral moddalar (asosan, natriy va xlor) ham bor. Organizmning turli patologik holatlarida (kasalliklarida) Qonda qator o’zgarishlar ro’y beradi, bu muhim diagnostik ahamiyatga ega. Qonning tuzilishi, funktsiyalari, kasalliklari va u bilan bog’liq boshqa masalalarni gematologiya fani o’rganadi. Ad.: Bahromov S.M., Qon va uning kasalliklari, T., 1996. Saidjalol Bahromov.