Qon to’xtatuvchi dorilar
Qon to’xtatuvchi dorilar, gemostatik vositalar — qon oqishini to’xtatuvchi moddalar. Mahalliy ta’sir etuvchi va organizmga dori so’rilgandan so’ng umumiy ta’sir ko’rsatuvchi Qon to’xtatuvchi dorilar farq qilinadi; ular o’z navbatida spesifik (fibrinogen, protrombin kompleksi — II, VII, IX va X faktorlari, antigemofiya globulin — VIII faktori, XIII faktor kontsentrati va boshqalar) va nospesifik (adrokson, rutin va boshqalar) vositalarga bo’linadi. Mahalliy ta’sir etuvchi Qon to’xtatuvchi dorilar sifatida odam va hayvonlar qonidan tayyorlangan bir qancha moddalar, jumladan, trombin (kapillyarlardan qon oqqanda), gemostatik bulutcha (tarkibida trombin, trombokinaza va ba’zi tuzlar bo’lgan quruq g’ovak massa), mayda jarohatlarda Achchiqtoshdan tayyorlangan «qon to’xtatuvchi qalamlar» qo’llaniladi. Organizmga so’rilgandan so’ng qon to’xtatuvchi moddalarga vikasol, kaltsiy xlorid, fibrinogen va boshqalar kiradi. Ba’zi o’simliklar (lagoxilus, qichitqi o’t, bo’yimodaron)dan tayyorlangan damlamalar ham Qon to’xtatuvchi dorilar sifatida ishlatiladi.