Qon yaratuvchi a’zolar

Qon yaratuvchi a’zolar – odam va hayvonlarda qon va limfa hujayralari hosil bo’ladigan a’zolar. Odamda va sut emizuvchi hayvonlarda qizil ko’mik, taloq, limfa tugunlari, ayrisimon bez Qon yaratuvchi a’zolar hisoblanadi. Qizil ko’mik asosiy qon yaratuvchi a’zo. Qizil ko’mikning hamma to’qimasi qonning etilgan hujayra elementlari bilan to’la bo’ladi. Qizil ko’mikdan farq qilib, sariq ko’mikda yog’ham bo’ladi. Ko’mikda eritrositlar, leykositlarning turli shakllari va trombositlar shakllanadi. Limfa tugunlari qon yaratilishi va organizmning himoya reaktsiyalarida qatnashadi, ularda, asosan, limfositlar rivojlanadi. Qon yaratish a’zolarining asosiy vazifasi qon hujayralarining emirilishiga qaramay, ularni doimiy nisbatda saqlab turishdan iborat.