Qonun

Qonun (huquqda) — inson, jamiyat va davlat manfaatlari nuqtai nazaridan eng muhim hisoblanadigan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, rivojlantirish va tartibga solish vositasi. Qonun davlat oliy vakillik organlarining eng yuqori kuchga ega bo’lgan hujjatidir. Qonun davlat huquq tizimining asosini tashkil qiladi, davlatning boshqa hamma organlarining normativ aktlariga nisbatan eng katta yuridik kuchga ega bo’ladi. Qonun uchun uni qabul qilishning alohida tartibi. bir necha bosqichdan iborat maxsus qonun chiqarish jarayoni xosdir. Bu bosqichlar Qonunchilik tashabbusi, qonun loyihasining muhokama qilinishi, Qonunning qabul qilinishi va uning e’lon qilinishidan iborat. Qonunlar o’zida mujassamlashgan normalarning mohiyati bo’yicha konstitusiyaviy, to’g’ridan-to’g’ri Konstitutsiya talablari asosila qabul qilinadigan (organik) va oddiy Qonunlarga bo’linadi. Oddiy Qonunlar, o’z navbatida, kodifikatsiya qilingan va joriy Qonunlarga bo’linadi. Federativ davlatlarda Qonunlar, shuningdek, federal va Federatsiya sub’yektlari Qonunlariga ajratiladi. Qonunlarning alohida toifasini favqulodda Qonunlar tashkil etadi. Normativlik Qonunning muhim belgisi va xususiyati hisoblanadi. Huquqiy hujjatlarning boshqa shakllari ham normativ bo’lishi mumkin, lekin ular Qonunchalik qat’iy kuchga ega bo’lmay, qisqa muddat amal qiladigan yoki huquqni muhofaza etuvchi bo’lishi mumkin. Qonunning normativligi uning bir xildagi qoidani barcha uchun norma, me’yor, mezon darajasiga ko’tarilishidadir. Qonunda mustahkamlangan qoida hamma o’xshash hollarda bir xildagi talab sifatida takror-takror amal qiladi. Qonunning normativligi unda ifodalangan davlat irodasining qat’iyligi, ustunligi va oliyligi bilan chambarchas bog’liqligidadir. Aynan shu irodaning imperativ (bo’ysundiruvchi) mazmuni Qonun vositasi bilan umumiy yurish-turish va xulq-atvor mezonlarini belgilaydi. O’zbekiston Respublikasi Qonunlari quyidagi guruhlarga bo’linadi: 1) asosiy qonun — Konstitutsiya; 2) konstitutsiyaviy qonun; 3) qonun (kodekslar va joriy q.lar); 4) Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlari. Qonunlar va boshqa normativ hujjatlar orasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosiy o’rinni egallaydi. Ushbu hujjat davlat hokimiyatining tashkil etilishini va boshqaruv mexanizmini belgilaydi, konstitutsiyaviy tuzum asoslarini, jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy asoslari, siyosiy tizimini.insonlar va fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlaydi. Konstitutsiya jamiyat huquqiy tizimining, butun qonunchilikning o’zagini, yuridik zaminini tashkil etadi. Joriy Qonunlarning barchasi Konstitutsiya qoidalari va printsiplari asosida hamda ularning ijrosi manfaati yo’lida chiqariladi. Qonunlar quyidagi hollarda kuchga kiradi: rasman e’lon qilingandan 10 kun o’tgach; Qonunda yoki uni amalga kiritish to’g’risida maxsus hujjatda ko’rsatilgan vaqtdan boshlab. Qonun o’zida ko’rsatilgan muddat tugagan bo’lsa yoki bekor qilinishi natijasida (ijtimoiy munosabatlarning shu sohasini tartibga soluvchi yangi Qonun qabul qilinishi munosabati bilan) o’z kuchini yo’qotadi. Qonun zamonda amal qiladi. Buning ma’nosi shuki, ayrim Qonunlar orqaga qaytish kuchiga ega. Ya’ni, Qonun e’lon qilinmasdan oldin bo’lgan ishlarga shu Qonun tatbiq etiladi. Jumladan, O’zbekistonda jinoyat va ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi Qonunlar orqaga qaytish kuchiga ega. Qonun makonda ham amal qiladi. Buning ma’nosi Qonunlar mamlakatning barcha hududlarida amal qilishini bidtsiradi. Davlat hududiga quruqlik, ichki suvlar va hududiy dengiz havzalari, ushbu hududlar ustidagi havo bo’shlig’i va davlat chegarasi doirasidagi yer osti kiradi. Odatda, Qonunlar ushbu hududdagi barcha sub’ektlar, ya’ni fuqarolar, yuridik shaxslar, davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir. Qonunning oliy yuridik kuchga egaligi quyidagilarda namoyon bo’ladi: Qonunni uni qabul qilgan oliy vakillik organidan boshqa hech kim o’zgartira olmaydi, bekor qila olmaydi yoki yangisini o’rnata olmaydi; boshqa barcha normativ-huquqiy aktlar Qonunga qat’iy muvofiq holda qabul qilinadi va amalga oshiriladi; biron-bir qonunosti normativ-huquqiy AKT, ya’ni, qonunga asoslangan hujjat Qonunga zid bo’lsa, u Qonunga muvofiq holga keltiriladi yoki bekor qilinadi; Qonunni qabul qilgan organdan boshqa hech kim uni qo’shimcha tarzda tasdiqlashi va harakatdan to’xtatib qo’yishi mumkin emas. O’zbekiston Respublikasining Qonunlarida yangilanayotgan ijtimoiy tuzumning, huquqiy davlat barpo etishning eng muhim printsiplari, rivojlanish yo’nalishlari va dasturiy vazifalari o’z aksini topadi. G’ayrat Abduqodirov.