Qonun ustuvorligi

Qonun ustuvorligi – barcha davlat hokimiyati organlari faoliyatida Konstitutsiya, qonunlar oliy yuridik kuchga ega bo’lib, ularning hokimiyat chiqaraditan boshqa hamma me’yoriy hujjatlar va yo’riqnomalardan ustun turishi. Qonun ustuvorligi jamiyatda demokratiya va Qonunchilik ta’minlanishiga xizmat qiluvchi tamoyildir. Bu tamoyil O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida mustahkamlangan: «O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar». Qonun ustuvorligi tamoyili birinchidan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida qonunlarning qat’iy hukmronligini bildirib, yuqorida ta’kidlanganidek, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarga so’zsiz itoat etishida; ikkinchidan, ijtimoiy munosabatlarning jamiyat, fuqaro va davlat manfaatlariga mos tarzda tartibga solinganini anglatib, mamlakat miqyosida barqarorlik, batartiblik va qonuniy tartibot muhiti o’rnatilganida; uchinchidan, huquq buzilishi hollarining oldini olish, shuningdek, huquqiy munosabat ishtirokchilari qonunni buzgan taqdirda qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun qonunlarning huquqiy asos vazifasini bajarishida namoyon bo’ladi. Mamlakatda hokimiyatlar bo’linishi printsipining Real joriy etilganligi O’zbekistonda Konstitusiya va qonunlar ustunligini ta’minlashning muhim kafolatidir. Unga ko’ra, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati bo’g’inlari o’zlarining Konstitutsiyada, qonunda belgilangan vakolatlari doirasida faoliyat yuritadilar. Ular o’rtasidagi munosabatlarni uyg’unlashtirishda eng oliy hakam qonundir. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakat Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishining kafilidir (93-modda). Prezidentning bu boradagi faoliyati muhim siyosiy-yuridik ahamiyatga ega. U o’z farmonlari, qarorlari bilan konstitutsiyaviy tamoyillarning, qonunlarda mustahkamlangan qoidalarning hayotga to’la joriy etilishi uchun yo’l ochadi, tegishli huquqiy mexanizmlarni yaratadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganishni tashkil etish to’g’risida» Farmoyish qabul qilganligi (2001 yil 4 yanvar) jamiyatda konstitutsiyaning mavqei va nufuzini ko’tarishga qaratilgan muhim tadbir bo’ldi. Garchand, farmoyishning asosiy maqsadi aholi orasida Konstitutsiyaviy savodxonlikni, huquqiy madaniyatni oshirishdan iborat bo’lsa ham, bu pirovardida, Konstitusiyaning e’zozlanishi, unga ustuvor tarzda amal qilinishiga puxta zamin yaratadi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarining qonuniyligini ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarorida (1997 yil 9 oktabr) umummajburiy tusdagi idoraviy normativ hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga mosligini ta’minlash vazifasi Adliya vazirligiga yuklatilib, ularning davlat ro’yxatidan o’tkazilishi talab etilgan. Rasmiy tarzda ro’yxatdan o’tmagan idoraviy normativ hujjatlar yuridik kuchga ega bo’lmaydi, ularni hayotga joriy etish mumkin emas. Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta’minlashda prokuror nazoratining roli kattadir. Mazkur vazifa doirasida prokuratura idoralari muayyan qonunlar ijrosini bevosita bajaruvchi vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasa va tashkilotlar- ning mas’uliyatini oshirish, qonun buzilishining oldini olish, uning sabablari va shart-sharoitlarini o’z vaqtida bartaraf etish chora-tadbirlarini ko’radilar. Qonunni qo’pol buzish hollari aniqlanganda ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari qo’llaniladi. O’zbekistonda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta’minlash uchun tashkiliy-huquqiy kafolatlar va yuridik mexanizmlar muttasil takomillashtirilib, ularning samaradorligini oshirib borish lozim.