Qoradaryo

Qoradaryo — Andijon viloyatidagi Daryo (boshlanish qismi Qirg’izistonda). Sirdaryoning asosiy irmoqlaridan biri. Uzunligi (Tar daryosi bilan birga) 318 kilometr, havzasining maydoni 28,6 ming km2. Farg’ona tizmasining Janubiy-Sharqiy va olay tizmasining shimoliy yon bag’irlaridan boshlanadigan tar va Qorag’ulja daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi. Kampirravot darasigacha kengligi 0,5 kilometrdan 4-5 kilometrgacha bo’lgan terrasali vodiyda oqadi. Daryoga ikkita yirik irmoq — yassi va Qurshob daryolari kelib qo’shiladi. Kampirravot qishlog’i yaqinida vodiy keskin torayib dara hosil qiladi. So’ng Qoradaryo Farg’ona vodiysida oqadi. Baliqchi qishlog’i yaqinida Norin daryosi bilan qo’shilib, Sirdaryoni hosil qiladi. Daryoning o’rtacha yillik suv sarfi Uchtepa yaqinida 136 m3/sekund. Shu joyda yillik eng ko’p suv sarfi 265 m3/sekundga yetgan (1969 yil), eng kam suv sarfi 68,4 m3/sekund (1975 yil). Daryo qor va muzlik suvlaridan to’yinadi. Yillik oqimining 55% mart — iyul oylariga to’g’ri keladi. Daryo Suvining o’rtacha loyqaligi 1 kg/m3. Ba’zan qishda qisqa muddat qirgoqqa yaqin qismi muzlab muz va shovush oqishi kuzatiladi. Farg’ona vodiysiga chiqqanidan so’ng Daryo suvi ko’plab sug’orishga sarflanadi. Katta Farg’ona kanali, Shahrixonsoy, Andijonsoy va Paxtaobod kanallari Qoradaryodan suv oladi. Daryo suvidan Andijon viloyati va Qirg’izistonning O’sh viloyati ekin maydonlari sug’oriladi.