Qorabo’g’oz-go’l

Qorabo’g’oz-go’l — Turkmanistonning g’arbidagi sho’r ko’l; 1980 yilgacha Kaspiy dengizining Sharqiy qirg’og’idagi qo’ltiq (Laguna). Dengizdan tor (eni 200 metrgacha), uzunligi 11 kilometr bo’lgan Qorabo’g’oz-go’l bo’g’ozi orqali ajralib turgan. 1980 yilda Kaspiy dengizining suv sathini saqlab turish uchun qo’ltiq damba bilan butunlay bekitib tashlandi. Suv sathi kaspiy dengizining suv sathiga nisbatan 4,5 metr past bo’lganligi sababli dengizdan qo’ltiqqa 1m/sekund (bo’g’ozning ayrim joylarida 3 m/sekund) tezlikda doimo suv oqib turgan. Qo’ltiq dengizdan ajratilgach, suvning bug’lanishi katta bo’lganligi uchun ko’l tezda quriy boshladi, sho’rligi 310%o dan ham ortib namakobga aylanadi. Ko’lni butunlay qurishdan saqlab qolish maqsadida 1984 yilda dengiz bilan ko’l o’rtasida suv o’tkazish inshooti qurildi. Qazilma eritmalardan Qorabo’g’oz-go’l tuz qatlamlari orasidan mirabilit olinadi. Sulfat qazib olinadi va qayta ishlanadi.