Qorabog’ xonligi

Qorabog’ xonligi – Ozarbayjondagi Araks va kura daryolari oralig’ida 18-19-asr boshlarida mavjud bo’lgan davlat. 1747 yil Panoh Alixon (40-yillar oxiri — 1759) hokimiyatni egallab olib Qorabog’ xonligiga asos solgan; o’z ta’sirini bosqichma-bosqich Ganja, Yerevan, Naxichevan va Ardabil xonliklariga o’tkazgan. Qorabog’ xonligi aholisining asosiy mashg’uloti dehqonchilik, chorvachilik va bog’dorchilik bo’lgan, hunarmandlar, ayniqsa, gilam to’qish va charm buyumlari bilan Shuhrat qozonganlar. Panoh Alixonning o’g’li Ibrohim Xalilxon davrida (1759— 1806) Qorabog’ xonligi boshqa xonliklar orasida o’zining kuch-qudrati bilan ajralib turgan. 1783 va 1797-99 yillarda Ibrohim Xalilxon Eron yoxud Turkiya tomonidan qo’shib olish xavfi tug’ilgani tufayli Rossiyadan homiylik qilishni so’ragan. 1805 yil Qorabog’ xonligini Rossiya tobeligiga o’tganligi haqida bitim imzolagan. 1822 yil xonlik boshqaruvi bekor qilinib, rus harbiy ma’muriyati bilan almashtirilgach, sobiq Qorabog’ xonligi hududida Qorabog’ viloyati tashkil qilingan.