Qorakamar

Qorakamar — Surxondaryo viloyatidagi Kalif-Sherobod qator tepaliklarida joylashgan tosh davri makoni. 1875 yilda N.A.Mayev tomonidan tekshirilgan. Qorakamarning 3 ta g’oridan odamlar, otlar va itlarning qo’pol chizilgan tasviri topilgan. N.A.Mayevning taxminicha, bu tasvirlar cho’ponlar tomonidan chizilgan. Keyinchalik 1940 yilda Surxondaryo viloyati o’lkashunoslik muzeyi (rahbari G.V.Parfenov) tomonidan tekshirilgan. Tekshirishlar natijasida bu yerda budda monastiri bo’lgani, u eski Termizdagi Qoratepaga o’xshash ekanligi aniqlangan. 1987-88 yillarda O’zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasi va Surxondaryo viloyati o’lkashunoslik muzeyi tomonidan mukammal tekshirilgan. Qorakamar g’or majmuasi P shaklidagi maydondan (55×36) iborat, bir tomoni ochiq, qolgan tomonlari tuproq bilan o’ralgan, unda 2 yarus (qavat)da g’orlar joylashgan. Pastki qavatda 3 ta g’or (uzunligi 10-12 metr, kengligi 4-6 metr, balandligi 4 metr yaqin). 2-qavatda uncha katta bo’lmagan sun’iy g’orlar joylashgan. Unda hayvonlar, ya’ni 2 o’rkachli tuyalar, qush, inson kafti, qilichlar, maxsus belgi — tamg’a, devorga yozilgan 12, 15, 16-asrlarga oid Arab yozuvlari bor. Qorakamarda baqtriy, yunon va Rim yozuvlari ham topilgan.