Qorakurmak, shamak
Qorakurmak, shamak — boshoqdoshlarga mansub bir yillik begona o’t. Poyasi havol, bo’yi 100 santimetrcha. Bargi nashtarsimon, chetlari g’idirish, o’tkir qirrali, barg plastinkasi o’rtasidan yo’gon tomir o’tadi. To’pguli — ro’vak. Pishib yetilgan boshoqlari oson to’kiladi. Mevasi uchi o’tkirlashgan ellipssimon doncha. Kuzda tuproqqa to’kilib, qishlab chiqqan doni bahorda kechroq, yuqori temperaturada una boshlaydi. 1 santimetrdan ortiq chuqurlikka tushgan Qorakurmak urug’ining unuvchanligi keskin kamayadi. Qorakurmak iyuldan kech kuzga qadar gullab, mevalaydi. Asosan urug’idan ko’payadi. Bir o’simlik tuplanish darajasiga qarab 5 — 13 mingga yaqin urug’ beradi. Barcha sug’oriladigan dehqonchilik maydonlarida uchraydi. Kurash choralari: kuzgi shudgor, almashlab ekish, ekin agrotexnikasini sifatli o’tkazish. Paxta dalalariga gerbitsidlardan treflan, kotoran, prometrin preparatlarining suvli suspenziyasini ekish vaqtida lenta usulida yerga sepish.