Qorakuya

Qorakuya — zamburug’lar qo’zg’atadigan o’simliklar kasalligi. Asosan, boshoqli ekinlar kasallanib, qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Zararlangan boshoq, ro’vak, so’ta, poya, barg va ildiz bo’yinlari qora sporali massaga aylanadi. Quyidagi turlari ko’p uchraydi va ayniqsa, zararli: bug’doy va Javdarning qattiq (badbo’y) Qorakuyasi o’simlik tugunchasini yemiradi va «qorakuya xaltachalari» yoki alohida spora holida urug’larda saqlanadi. Zararlangan dondan nam havoda badbo’y hid keladi; arpa va sulining qattiq (tosh) Qorakuyasi sporalari tugunchani zararlaydi, lekin ro’vak va boshoqlar zararlanmaydi, sporaning qattiq qora massasi boshoq qobig’ini teshib o’tadi; bug’doy, arpa, suli, va makkajo’xorining chang Qorakuyasi boshoq, ro’vak, so’talarni zararlaydi; javdar va bug’doyning poya Qorakuyasi poya (hamma qismlari va barglari) ni zararlaydi; makkajo’xorining pufakchali holdagi Qorakuyasi o’simlikning turli qismida qobiqli va spora bilan to’lgan g’udsalar hosil qiladi. Qorakuya zamburug’lari sholi, qo’noq, oq jo’xori, chumiza kabi donli ekinlarda ham parazitlik qiladi. Kasallik natijasida g’shsha ekinlari hosildorligi 20— 30% kamayib ketadi. Kurash choralari: kasallikka chidamli navlar ekish; yuqori agrotexnika, almashlab ekish, urug’larni tozalash va dorilash; urug’likni oftobga yoyish va boshqalar.