Qorako’l vohasi

Qorako’l vohasi – Zarafshon daryosining quyi oqimida (Buxoro viloyati) joylashgan voha. Shimolda Kemirakqum qumliklari, G’arb va Janubi-g’arbda Sandiqli cho’li, Janubda Ishaqchi qumligi, Sharqda qarshi cho’li bilan chegaradosh. Shimol-Sharqda Qorako’l vohasi Qorako’l platosiga tutash. Voha shimoli-sharqdan Janubi-g’arbga 40-45 kilometrga cho’zilgan, eni 30— 35 kilometr. Yer yuzasi Janubi-g’arbga Nishab. O’rtacha balandligi shimoli-Sharqiy qismida 205 metr, Janubda 187 metr, asosan, Zarafshon daryosining allyuvial-Delta yotqiziqlaridan tashkil topgan. Shimoliy-g’arbiy, g’arbiy va Janub qismlarida allyuvial-ko’l yotqiziqlari ham uchraydi. Voha atrofida harakatdagi va o’simliklar bilan mustahkamlangan barxanlar, do’ng qumlar tarqalgan. Iqlimi keskin kontinental. O’rtacha yillik temperatura 14°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -0,2°, eng past temperatura -25°. Iyulda o’rtacha temperatura 27,2°, eng yuqori temperatura 48°. Yillik yog’in 120 mm, asosiy qismi sentabr—mart oylarida yog’adi. Qor qoplami juda yupqa (o’rtacha 1 santimetr, ba’zi yillari 7 santimetrga yetadi). Zarafshon daryosi (Qorako’l platosida) tor yo’lakdan chiqqandan so’ng bir qancha radial tarmoqlarga bo’linib delta hosil qiladi. Uning yuzasi, asosan, ekinzorlar bilan band. Voha hududida sho’r ko’l, sho’rxoklar uchraydi. Qorako’l vohasida sur-qo’ng’ir, qumloq, taqir, sho’rxok, o’tloq-taqir, sug’oriladigan o’tloq, sug’orilmaydigan o’tloq-allyuvial, o’tloq va botqoq tuproqlar tarqalgan. Tuproqlari turli darajada sho’rlangan, ularning melioratsiya holatini doimo yaxshilab turishni talab etadi. O’simliklardan oqsaksovul, juzg’un, quyonsuyak, cherkez, Iloq, shuvoq, sho’ra, boyalich, turang’il, tol, chingil, yantoq, yulg’un va boshqalar o’sadi. Qorako’l vohasining katta qismi ekinzorlarga aylantirilgan. Hayvonot dunyosi cho’lga xos: kalamush, qo’shoyoq, ilon, kalta-kesak, tulki, bo’ri, to’qay mushugi, chiyabo’ri va boshqalar yashaydi. Vohaning asosiy suv manbalari Zarafshon va Amudaryo. Vohada Amu-Buxoro mashina kanalidan uzunligi 40 kilometrli Amu-Qorako’l kanali chiqarilgan. Murod Mamatqulov.