Qoramol

Qoramol — quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqli, kavsh qaytaruvchi hayvonlar. Qoramolga haqiqiy buqalar turkumiga mansub yirik xonaki kenja turlar — sigir, buyvol, qo’tos hamda gayal, bizon, zubr va boshqalar kiradi. Miloddan bir necha ming yil avval Yevropa, Osiyo, Amerikada tarqalgan. Xonaki Qoramol yovvoyi buqa (tur) dan kelib chiqqan. Yovvoyi buqalarning oxirgi ajdodlari 17-asr boshlarida qirilib ketgan. Qoramol 8 ming yil ilgari Hindistonda, so’ng G’arbiy Osiyo, O’rta dengiz, O’rta Yevropada xonakilashtirilgan. Kraniologik belgilariga qarab, Qoramol to’rt asosiy kenja turga bo’linadi: dasht va tekis zona Yevropa Qoramoli — uzun shoxli; tog’ va o’rmon zonasi Qoramoli — kalta shoxli; Markaziy Osiyo Qoramoli; Janubiy Osiyo va shimoliy Afrika Qoramoli — zebu. Qoramollar yoshi va jinsi bo’yicha buzoq, tana, novvos, g’unajin, sigir, buqa va boshqa guruhlarga bo’linadi. Mahsuldorlik turlariga qarab sut, sut-go’sht va go’sht-sut yo’nalishidagi zotlarga ajratiladi. Oshqozoni to’rt kamerali, elini to’rt so’rg’ichli. sigirlar 20 (35), buqalar 15— 20 yil yashaydi. Sut yo’nalishidagi sigirlardan xo’jaliklarda 12-13 yil, zotli buqalardan 5-10 yil foydalaniladi. Qoramol 5 yoshgacha (ayrim sekin o’sadiganlari 6-7 yoshgacha) o’sadi. Urg’ochi buzoq 7-9, erkagi 14-18 oyligida jinsiy etiladi. Sigirlarning bo’gozlik davri 285 kun. Sigir, odatda, bittadan buzoqlaydi, egizaklari kam uchraydi. Urg’ochi buzoq zotiga qarab 18-45, ba’zan 50 kilogrammgacha, erkak buzoq urg’ochi buzoqdan 1-3 kilogramm ortiq tug’iladi. sigirlari 200-600, buqalari 300-900 kilogramm. Qoramol mahsuldorligi uning zoti va boqilishiga bog’liq. Sersut sigirlardan bir kunda 8-40 kilogramm, bir yilda o’rtacha 3500-4000 kilogramm (17000 kilogrammgacha), yog’liligi 3,6—4% bo’lgan sut sog’ib olinadi. Sigirlarning sersutligiga qarab 1 kilogramm sut uchun 0,8—1.3 ozuqa birligi sarflanadi. Sog’im davri 280-320 kun. Go’sht uchun boqiladigan Qoramol zotlaridan sog’im davrida 1000 kilogrammgacha sut sog’ib olinadi. Tez yetiladigan zotlardan to’rtinchi, kech yetiladiganlaridan beshinchi-oltinchi, ba’zan yettinchi sog’im davrida eng ko’p sut sog’ib olinadi. Sigir suti odam uchun qimmatli oziq-ovqat mahsuloti, oziq-ovqat sanoati uchun muhim xom ashyo (tvorog, pishloq va boshqalar). Go’sht uchun boqiladigan zotlarda go’sht mahsuldorligi yuqori (go’sht chiqimi 48-70%), 1,5—2 yoshli buzoqlarning tirik vazni 400-450 kilogramm. Mol go’shti yuqori kaloriyali, parhez oziq-ovqat mahsuloti. Terisidan turli navli charm, chiqindilari qayta ishlanib, go’sht-suyak va qon uni, endokrin preparatlari, stearin, yelim, sovun va boshqalar tayyorlanadi. Buqa va ho’kizlardan ish hayvoni sifatida foydalaniladi. Dehqonchilik uchun muhim bo’lgan organik o’g’it (go’ng) olinadi. Bir shartli bosh mol bir yilda 10 tonna go’ng beradi. Qoramol boqish sharoitiga yaxshi moslashadi, ko’p hajmdagi ozuqani, dag’al o’simliklarni ham tez hazm qiladi. U yaylov o’tlari, silos, ildizmeva, aralash yem, shuningdek, protein, mineral va vitaminli ozuqalar bilan boqiladi. Vazni, mahsuldorligi, fiziologik holati, oziqlanishi, protein, mineral moddalar va vitaminlarni hazm qilishiga qarab oziqlanish normasi belgilanadi. Bog’lab (og’ilxonalarda) va yaylovlarda boqiladi. O’zbekistonda yetishtirilayotgan sutning 98-99% va go’shtning 63-65% Qoramollar hisobiga to’g’ri keladi. Barcha toifadagi xo’jaliklarda urchitilayotgan Qoramollar soni 5873,9 ming boshni, shu jumladan, sigirlar 2556,7 ming boshni tashkil qildi (2004). O’zbekistonda boqiladigan asosiy zotlar: qizilcho’l, Bushuev, qora-ola va shvis Qoramol zotlari, shuningdek, qisman Jaydari va zebusimon sigir zotlari ham uchraydi.