Qo’shbuloq oltin koni

Qo’shbuloq oltin koni – Angren shahridan 15 kilometr Janubda, Qurama tizmasining shimoliy yon bag’ridagi kon. 1959 yilda topilgan. 1966 yildan o’zlashtirilmoqda. Konning maydoni 10 km2. O’rta karbon davriga mansub andezitdasit formasiyali, qalinligi 2,5 kilometrgacha bo’lgan vulkanogen yotqiziqlari qoplamidan tarkib topgan Qo’shbuloq kalderasida rivojlangan. Rudalanish kvars-sulfidli tomirlarda va kvarslanish zonalarida sodir bo’lgan. Mineral tarkibi bo’yicha oltin-sulfid-kvarsli telluridli formasiyaga tegishli. Rudalarning tarkibida ko’proq kvars va kamroq miqdorda karbonat, serisitlardan tashqari, turli sulfidlar va kam darajada sulfatuzlar, telluridlar, oksidlar, tug’ma elementlar mavjud. turli ruda tanalarida rudali minerallarning miqdori har xil (5 dan 15— 20% gacha). Konda oltin-sulfid-telluridli assotsiatsiya asosiy oltin mahsulotli hisoblanadi. Yertomir minerallari kvars, karbonat, serisitlardan tashkil topgan. Asosiy rudali minerallar piryt, xira rudalar, oltin va Kumushning telluridlari, tug’ma oltinlardir. Ba’zan qalay minerali (kassiterit) uchraydi. Kon rudalari majmuali: asosiy komponentlari oltin (13,4 g/t), kumush (112,4 g/t gacha); yo’l-yo’lakaylari mis (0,29%), selen (0,0004%), tellur (101,6 g/t), vismut (0,01%). Rudalar 32 ta yirik rudali strukturalarda mujassamlashgan, hozirgi vaqtda 120 tacha ruda tanalari aniqlab o’rganilgan. Konda ruda tanalarining ikki morfologik turi mavjud. Birinchi turga uzunligi 632 metrgacha bo’lgan va o’zgaruvchi qalinlikka (0,1 -10,2 metr, o’rtacha 3,8 metr) ega bo’lgan, ruda notekis tarqalgan tomirlar va minerallashgan zonalar kiradi. Ular tik va qiya holda muvofiq yotadi. Ikkinchi turga murakkab geologik tuzilishga ega bo’lgan tik yotuvchi quvursimon tomirli tanalar yoki noto’g’ri shaklli eksploziv brekchiyalar tanalari kiradi. Burg’ilash ma’lumotlariga ko’ra rudalanish ko’lami 1500 metr chuqurlikgacha boradi. Kondan hozirgi vaqtda foydalanilmoqda. Chuqur gorizontlari va chekka qismlari hali yaxshi o’rganilmagan.