Qo’shilgan qiymat

Qo’shilgan qiymat – ishlab chiqarish (xizmatlar ko’rsatish) jarayonida muayyan bir firma, korxonada yangidan yaratilgan, bevosita o’stirilgan, mahsulotning oldingi qiymatiga qo’shilgan qiymat. Firma tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, tovarlar, xizmatlarni sotishdan olgan tushumlar bilan firmaning boshqa firmalardan resurslar (materiallar, yarim fabrikatlar) sotib olish uchun qilgan xarajatlari ayirmasi tarzida aniqlanadi. Qo’shilgan qiymat — ishlab chiqarishning pirovard natijasidir. Mazmunan Qo’shilgan qiymat ishlab chiqarilgan yoki yaratilgan tovar va xizmatlar narxining bir qismi sifatida gavdalanadi. Hozirgi davrda narxni va uning bir qismi bo’lgan Qo’shilgan qiymatni aniqlashda Neoklassik sintez nuqtai nazari keng tarqalgan. Bunga ko’ra Qo’shilgan qiymatni ifodalashda faqat klassik qarash, ya’ni tovarga sarflangan mehnat (ob’yektivlik) nuqtai nazaridan emas, balki tovarning nafliligi (sub’yektivlik) ham hisobga olinadi. Bosqichli ishlab chiqarish jarayonida Qo’shilgan qiymat har bir bosqich bo’yicha alohida hisoblanadi. Masalan, sotib olingan xom ashyo qiymati 60 pul birligi bo’lsa, u qayta ishlangandan keyin qiymati 100 pul birligiga yetkazildi (Qo’shilgan qiymat=40). Ulgurji va chakana savdo korxonalarida Qo’shilgan qiymat 75 pul birligini tashkil etdi (100+25=125; 125+50=175). Shunday qilib, pirovard natijada sotuvning umumiy qiymati 460 pul birligini, Qo’shilgan qiymat 175 pul birligini tashkil etadi. Qo’shilgan qiymat miqdori darajasini bozor hal qiladi. Nafliligi yuqori tovarni bozor ma’qullab, uning haqini to’laganda, xarajat o’zgarmagan taqdirda ham. Qo’shilgan qiymat yuqori bo’lishi mumkin. Nafliligi past bo’lganda buning aksi yuz beradi. Qiymatga qo’shimcha qo’shilishi ishlab chiqarishda, eng avval mikro, ya’ni firmalar darajasida yuz beradi, ammo uning naqadar maqbulligini bozor hal qiladi. Qo’shilgan qiymat narx tarkibiga kiradi va buning uchun belgilangan soliq (qo’shilgan qiymat solig’i) ni iste’molchi to’laydi. Qo’shilgan qiymatning oz yoki ko’p bo’lishiga qarab ishlab chiqarish samaradorligini aniqlash mumkin. Korxona va sektorlar doirasida Qo’shilgan qiymat miqdori qanchalik yuqori bo’lsa, pirovard natija ham shunchalik yuqori bo’ladi. O’zbekistonda Qo’shilgan qiymat tushunchasi va uni hisoblash amaliyoti 20-asrning 90-yillari boshidan qo’llanila boshladi. Shuhrat Toshmatov.