Qo’shinlar paradi, qo’shinlar ko’rigi

Qo’shinlar paradi, qo’shinlar ko’rigi — rasmiy bayramlarda qo’shinlarning jangovar texnika bilan tantanali marsh sadolari ostida maydondan saf tortib o’tishi. Qo’shinlar paradi Qadimgi Misr, Eron, Rim va boshqa armiyalarda ham o’tkazilgan. O’rta Osiyo xalqlarida qo’shinlarni harbiy yurish yoxud jang oldidan ko’rikdan o’tkazish qadimdan ma’lum. Masalan, Amir Temur va Temuriylar davrida harbiy yurishdan oldin to’plangan qo’shin ko’rikdan o’tkazilgan; jangdan oldin lashkarni ko’rikdan o’tkazib, uning jangovar ruhi va holatini aniqlash izchillikka aylangan. Sohibqiron Boyazid I bilan hal qiluvchi jangdan avval turkiyalik elchilar ko’z o’ngida Sivasda qo’shin ko’rigini o’tkazgan. Amir Temur qo’shinidagi har bir harbiy qism jangchilarining jussasi, otlarining rangi, javshan, sovutlarining yarqiroqligi, tug’larining bir-biridan farq qilib turishi elchilarga katta ruhiy ta’sir ko’rsatgan.