Qo’shma gap
Qo’shma gap — tuzilishiga ko’ra sodda gapga o’xshash ikki va undan ortiq predikativ birlikning intonatsiya va mazmun jihatidan bir butunlik hosil etishi bilan yuzaga keluvchi gap; gapning struktural jihatdan alohida bir turi. Qo’shma gap tuzilishi va qurilish materialiga ko’ra sodda galdan farq qiladi. Sodda gapning qurilish materiali so’z yoki so’z birikmalari bo’lsa. Qo’shma gapning qurilish materiali sodda gaplardir. Sodda gap bitta predikativ asosdan, Qo’shma gap esa ikki va undan ortiq predikativ asosdan tashkil topadi. Bir qancha turkiy tillarda, jumladan. o’zbek tilida, Qo’shma gaplar qanday mazmun munosabatlarini ifodalashi, grammatik belgilari, tuzilishi va intonatsiyasiga ko’ra 3 asosiy turga bo’linadi: bog’lovchisiz Qo’shma gap; bog’langan Qo’shma gap; ergashgan Qo’shma gap. Tarkibidagi predikativ birliklar o’zaro bog’lovchi yoki bog’lovchi vazifasidagi so’z yordamida emas, balki boshqa vositalar yordamida birikkan Qo’shma gaplar bog’lovchisiz Qo’shma gap hisoblanib, bunday Qo’shma gaplarda ohang muhim rol o’ynaydi. Bog’lovchisiz Qo’shma gaplar aksar hollarda bog’langan va ergashgan Qo’shma gaplar bilan o’xshash, munosabatdoshday ko’rinsa-da, ular ana shu turdagi gaplarning bog’lovchisiz varianti emas, balki Qo’shma gaplarning alohida turi hisoblanadi: «Saodatxon eshikni ochib yubordi, uyga muzday kuz havosi kirdi» (S.Zunnunova). «Sultonmurod o’zini chetga olishga tirishdi, xalq to’lqini uni surib ketdi» (Oybek). Tarkibidagi predikativ birliklar o’zaro teng bog’lovhilar yordamida birikkan (teng aloqali) Qo’shma gaplar bog’langan Qo’shma gap deyilib, uning tarkibiy qismlari shaklan mustaqil ko’rinsa-da, mazmunan va tuzilish jihatdan bir butunlikni tashkil etadi. Masalan: «Bahor keldi va gullar ochildi». «Dilafro’z chindan ham o’zgargan. Ammo O’ktam kulgusi, quralai ko’zlarining kibrona boqishi o’sha-o’sha edi» (O’.Hoshimov). Tarkibidagi predikativ birliklar (sodda gaplar) bosh va ergash holatida bo’lib, ya’ni bosh va ergash gaplardan tuzilib. ergashtiruvchi bog’lovchilar, bir qancha fe’l shakllari, yuklama va ko’makchilar, nisbiy so’zlar va tobelanish ohangi yordamida birikib, biri ikkinchisini aniqlash, to’ldirish kabi vazifalarni bajaradigan Qo’shma gap turi ergashgan Qo’shma gap yoki ergash gapli Qo’shma gap deyiladi. Masalan: «bir kuni ko’chada ketayotsam, Umri bir bosh uzum ko’tarib kelyapti» (A.Qahhor) gapidagi, «bir kuni ko’chada ketayotsam» qismi ergash gap bo’lib, u bosh gapdagi (umri bir bosh uzum ko’tarib kelyapti) ish-harakatning amalga oshish payti (vaqti)ni aniqlab, uni to’ldirmoqda, predikatdagi shaklga ko’ra tobe holatda turibdi. Demak, bosh gap ergashgan Qo’shma gap tarkibidagi hokim komponent, ya’ni ergash gap tomonidan o’zi yoki biror bo’lagi aniqlanadigan, ergash gap tobe bo’ladigan gapdir. Masalan: «Qaysi kishi ertalab shunday mashq qilsa, u dardga chalinmaydi» gapi ega ergash gapli Qo’shma gap bo’lib, undagi «u dardga chalinmaydi» qismi bosh gap hisoblanib, bosh gapning egasi ergash gap orqali izohlanmoqda. Yoki «Shoshish kerak emas, chunki bu yil toshqin xavfi yo’q» gapida esa «shoshish kerak emas» bosh gap bo’lib, ergash gap bosh gapdan anglashilgan harakatning sababini ko’rsatmoqda. Ergash gapli Qo’shma gap tarkibidagi tobe qism ergash gap hisoblanadi. Ergash gap bosh gapga ergashib (tobelanib), bu gapni yoki uning biror bo’lagini qandaydir (payt, o’rin, sabab, natija va boshqalar) jihatdan aniqlab, belgilab keladi. O’zbek tiliga doir mavjud darslik va qo’llanmalarda ergash gaplar (ergash gapli Qo’shma gaplar) mazmun va vazifalariga ko’ra 14 turga ajratiladi. Qo’shma gap va uning turlari, Qo’shma gaplarning tabiati masalalari rus va Yevropa tilshunosliklari qatori o’zbek tilshunosligida ham keng, atroflicha o’rganilgan. Bu sohada, ayniqsa, akademik G’.Abdurahmonov va M.Asqarovalarning xizmatlarini alohida qayd etmoq kerak. Shuningdek, A. G’ulomov, H. G’oziev, F. Kamolov, A. Azizova, H. Rustamov, E. Azlarov, A. Kononov, E. Grunina, X. Abdurahmonov, A. Nurmonov, N. Mahmudov va boshqalar ham o’zbek tilida Qo’shma gap sintaksisini o’rganish va rivojlantirishga munosib hissa qo’shganlar. Keyingi yillarda (o’tgan asrning 90-yillaridan) o’zbek tilshunosligida Qo’shma gaplarni, umuman sintaktik hodisalarni yangicha nuqtai nazar bilan sistemaviy-struktur usulda o’rganish boshlandi. Ad.: Abdurahmonov G’., Qo’shma gap sintaksisi asoslari, T., 1958; Asqarova M., Hozirgi zamon o’zbek tilida qo’shma gaplar, T., 1960; Abdurahmonov G’., Qo’shma gap sintaksisi, T., 1964; G’ulomov A., Asqarova M., Hozirgi o’zbek adabiy tili. Sintaksis, T, 1965 va 1987; As arov M., O’zbek tilida ergashish formalari va ergash gaplar, T., 1966; O’zbek tili grammatikasi, 2-j. (sintaksis), T., 1976; Nurmonov A., Gap haqida sintak- tiknazariyalar, T., 1988; Mahmudov N., Nurmonov A., O’zbek tilining nazariy grammatikasi (sintaksis), T., 1995. Abduvahob Madvaliev.