Qo’shnay

Qo’shnay — o’zbek, tojik va boshqalar. Sharq xalqlarida tarqalgan puflama tilchali musiqa cholg’usi. Bir-biriga o’zaro bog’langan ikkita bir xil garov qamishdan ishlanadi. Naychalarning uzunligi 250-300 millimetr, diametri 14-16 millimetr atrofida bo’ladi. Puflash uchun uchining to’siq qismida tilcha ochiladi. Tilchalarning tebranayotgan qismlarini qisqartirish va uzaytirish uchun ipdan halqasi va uning pastida 7-8 barmoq teshikchasi mavjud. Diapazoni 1,5—2 oktavaga yetadi. Kuchli, yoqimli tovushga ega. Hozirda an’anaviy cholg’u ijrochiligida asosan Farg’ona-Toshkent va Xorazm vohalarida, shuningdek, xalq cholgulari orkestri tarkibida qo’llaniladi. Ahmadjon qo’shnay Umurzoqov, Ziyomiddin Shokirov kabi Qo’shnaychilar o’tgan. Hozirda M.Matyoqubov, Y.Tojiev, N.Ro’ziyev kabi sozandalar faoliyat ko’rsatadi.