Qo’shtirnoq

Qo’shtirnoq — o’zbek tilida keng qo’llanadigan, ko’p (to’rt) elementli, qo’shaloq holda ishlatiladigan chegaralovchi tinish belgisi. Uning umumiy me’yor hisoblangan grafik shakli » » dan iborat bo’lib, nashriyot ishlarida » «shaklida ham qo’llanadi; ilmiy uslubda yakka tirnoq shaklida (, ‘) ishlatiladi. Uning birinchi qismi ochiluvchi Qo’shtirnoq, ikkinchisi esa yopiluvchi Qo’shtirnoq deb yuritiladi. Ushbu tinish belgisi O’zbekcha matnlarda 1886 yildan «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida qo’llana boshlagan. Qo’shtirnoq ko’p vazifali tinish belgilaridan bo’lib, muayyan matn qismini chegaralab ko’rsatish bilan birga, uning matn (Qo’shtirnoqqa olingan qism kiritilgan umumiy matn) ga sintaktik va intonatsion jihatdan ma’lum darajada bog’lanishini, unga muvofiqlashuvini ham ko’rsatadi. Qo’shtirnoq ma’lum qismning o’zgaligi, muayyan nutqqa yotligi (chetdan kiritilganligi), uning odatdagi ma’noda qo’llanmaganligi va boshqalarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Qo’shtirnoq takroriy, oddiy va murakkab holatda qo’shaloq holda qo’llana oladi. Bunda ochiluvchi va yopiluvchi Qo’shtirnoqlar ketma-ket qo’llanadi; bunda ulardan birining shakli o’zgartib qo’llanadi. Quyidagilar Qo’shtirnoq ichiga olinadi: a) so’z, so’z birikmasi, ibora va gap shakllarida bo’lgan ko’chirma (o’zga) nutq; b) tsitatalar; v) ko’chma ma’noda qo’llangan, qo’llanishi odat tusiga kirmagan, eskirgan yoki yangi qo’llanayotgan; kesatiq, piching, kinoya va boshqalar ma’no uchun qo’llangan so’zlar; g) badiiy asar, gazeta, jurnal, musiqa asarlari, spektakl va boshqalarning nomlari; D) muassasa, tashkilot, korxona, jamoa va shirkat xo’jaliklari, zavod, fabrika, mehmonxona, turli (yer, suv, havodagi) transport vositalarining shartli nomlari; e) tarkibida «orden», «medal» so’zlari bo’lgan, ammo bu so’zlar bilan sintaktik aloqaga kirishmagan orden va medallar nomi; yo) mahsulotlarning, o’simliklarning turini, mashina, samolyot, televizor kabilarning markasini bildiruvchi nomlar; j) ichki monolog (personajlarning o’yi, ichki kechinmalarini anglatuvchi so’z va gaplar); z) sinflar, buyruqlar, qarorlarning ayrim bandlariga qo’shilib yoziladigan harflar: IX «A» sinf, 6- «A», sinf, 135 – «V» sonli qaror, 10-moddaning «B» bandi); i) baho ballari («besh», «to’rt» yoki «a’lo», «yaxshi»); y) matn ichida kelgan maqollar, hikmatli so’zlar, sarlavhalar va boshqalar.